Afg‘oniston janubi-sharqida payshanba kuni 5,6 balli kuchli zilzila yuz berdi. Bu so‘nggi olti kun ichida qayd etilgan uchinchi silkinish bo‘lib, odamlar qo‘rquv ichida uylardan tashqariga chiqishga majbur bo‘ldi.
Rasmiy ma’lumotlarda payshanba kungi zilzila qurbonlari haqida aniq raqam keltirilmagan. Biroq shifokorlar kamida 17 kishi jarohat olib, Kunar viloyat kasalxonasiga yotqizilganini bildirdi. Shu haftada 5,5 balli boshqa zilzila ham qutqaruv ishlarini vaqtincha to‘xtatgan edi.
Yakshanba kuni sodir bo‘lgan eng kuchli zilzila esa 1 368 kishining o‘limiga va 2 180 kishining jarohat olishiga sabab bo‘lgani ma’lum qilindi. Tog‘li hududlar va ko‘chkilar qutqaruv ishlariga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda.
Tolibon hukumati xalqaro yordam so‘radi. BMT favqulodda mablag‘ ajratdi, Buyuk Britaniya ham yordam va’da qildi. Mutaxassislarning aytishicha, Afg‘oniston seysmik xavf yuqori bo‘lgan hududda joylashgani uchun bu yerda zilzilalar tez-tez ro‘y beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!