Sharqiy iqtisodiy forum doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin muhim bayonot bilan chiqish qildi. Unga ko‘ra, agar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Moskvaga tashrif buyursa, Rossiya tomoni uning xavfsizligini to‘liq kafolatlaydi.
«Ukraina rahbariyati uchrashuv xohishini bildirmoqda va bu taklifdan biz xabardormiz. Marhamat, Moskvaga kelsin, xavfsizlik va ish sharoitlari yuz foiz ta’minlanadi», — dedi Putin.
Shu bilan birga, Rossiya rahbari Zelenskiy bilan uchrashuvni boshqa davlatlarda tashkil qilish haqidagi takliflarni «ortiqcha va ma’nosiz» deb baholadi. «Agar haqiqatan ham muloqotga ehtiyoj bo‘lsa, uning eng yaxshi manzili – Rossiya poytaxti, qahramon shahar Moskva», — deya qo‘shimcha qildi u.
Biroq Putin muloqotga ochiqligini bildirgan holda, bu uchrashuvdan hozirgi paytda katta ma’no ko‘rmayotganini yashirmadi. Uning fikricha, siyosiy iroda paydo bo‘lgan taqdirda ham Ukraina bilan asosiy masalalar yuzasidan kelishuvga erishish oson kechmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya rahbari Zelenskiyni Moskvada muzokaralar o‘tkazishga avval ham taklif qilgandi. Biroq Ukraina prezidenti bunday uchrashuvga tayyor ekanini aytsa-da, «faqat Moskvada emas», degan pozitsiyasini ma’lum qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!