date

Portugaliyadan Vladivostokkacha velosayohat qilgan fransuz hibsga olindi

Portugaliyadan Vladivostokkacha velosayohat qilgan fransuz hibsga olindi

Portugaliyadan Vladivostokkacha velosipedda kelgan fransuz velosayohatchi Sofian Sehili Rossiyada hibsga olindi. Bu haqda o‘z manbalariga asoslanib fransuz nashri Le Monde xabar berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u Yevroosiyoni velosipedda eng tez kesib o‘tish bo‘yicha jahon rekordini yangilashga uringan, biroq chegarani noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblanmoqda.

44 yoshli Sofian Sehili — hujjatli filmlar ijodkori. U 2012 yildan buyon o‘z kasbini velosportga almashtirgan va shu paytga qadar yirik va mashaqqatli 20 ga yaqin poygalarda ishtirok etgan. Ulardan 11 tasida g‘alaba qozongan. Shu jumladan, Kanadadan Meksikaga qadar 4 500 kilometr uzunlikdagi Tour Divide musobaqasi ham bor.

Sehili bu yil o‘z maqsadini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan edi. U 2017 yilda germaniyalik Yonas Deyxman tomonidan o‘rnatilgan Yevroosiyoni eng tez velosipedda bosib o‘tish rekordini yangilash niyatida bo‘lgan. Sayohat 2025 yil 1 iyulda Portugaliyaning Roka burnidan boshlangan va Vladivostokkacha 64 kun, ikki soat va 26 daqiqada yetib kelgan.

Lekin uning safar yo‘nalishi turli muammolar bilan to‘ldi. Sehili birinchi marta iyul oyi oxirida Gruziya orqali Chechenistonga kirib Rossiya chegarasini kesib o‘tgan. Keyinroq u Astraxan viloyati orqali Rossiyani tark etib, Qozog‘iston, Tojikiston va Mo‘g‘ulistondan o‘tdi. Keyingi manzili Xitoy bo‘lib, u yerda safarini vaqtincha to‘xtatgani ma’lum qilindi.

Sayohatchining aytishicha, Xitoy-Rossiya chegarasida u Rossiya bojxonachilari tomonidan to‘xtatilgan. Bu haqda u 2 sentyabr kuni Instagramdagi storisida xabar bergan. Ammo keyingi taqdiri haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Le Monde yozganidek, u o‘z sayohatini oxirgi bosqichda yakunlay olmaganidan qattiq afsuslangan. «Marra juda yaqin qolganida muvaffaqiyatsizlikka uchrash yurakni ezadi. Endi menda yana rekordni yangilash uchun urinish-urinmaslik haqida o‘ylash uchun o‘n oy vaqt bor... Yoki bu umrbod muvaffaqiyatsizlik bo‘lib qolishi mumkin», — deb yozgan u.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Portugaliyadan Vladivostokkacha velosayohat qilgan fransuz hibsga olindi