Reuters xalqaro axborot agentligi Xitoy rahbari Si Jinping hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning umrni uzaytirish imkoniyatlari haqidagi muloqotini aks ettirgan to‘rt daqiqalik videoni o‘chirib tashlashga majbur bo‘ldi. Bu qadam Xitoy markaziy televideniyesi (CCTV) tomonidan qo‘yilgan talab asosida amalga oshirildi.
Mazkur suhbat Pekin shahrida Ikkinchi jahon urushi g‘alabasining 80-yilligiga bag‘ishlangan tantanali parad paytida yozib olingan. Suhbat chog‘ida Si Jinping o‘tmishga nazar tashlab: «Ilgari odamlar juda kam hollarda 70 yoshga yetgan, hozir esa bu yoshda odam hali ham yosh hisoblanadi», deya fikr bildirdi. Putin esa, biotexnologiyalar va organ ko‘chirib o‘tkazish sohasidagi taraqqiyot insoniyatni abadiylikka yaqinlashtirishi mumkinligini ta’kidladi. Si esa o‘z navbatida «150 yoshgacha umr ko‘rish imkoniyati shu asrning o‘zida amalga oshishi mumkin», deya qo‘shimcha qildi.
Reuters Xitoy televideniyesi efiridan olingan material asosida videolavhani montaj qilib, uni butun jahon bo‘ylab minglab tomoshabinlarga tarqatdi. Ammo CCTVning yuridik bo‘limi bu holatni shartlarni buzish sifatida baholab, agentlikdan rolikni olib tashlashni talab qildi.
Natijada video o‘chirildi, biroq Reuters tahririyati e’tirozlarni to‘liq qabul qilmadi. «Biz materiallarni sinchiklab o‘rgandik va Reuters’ning uzoq yillar davomida xolis va aniq jurnalistika prinsiplariga sodiqligi shubha ostida qolishi uchun hech qanday asos topmadik», — deya bayonot berdi agentlik.
Shu tariqa, ikki yetakchi o‘rtasidagi suhbat, ularning umr davomiyligi va biotexnologiyalar haqidagi fikrlari keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!