Yevropa komissiyasi Google’ning egasi bo‘lgan Amerika kompaniyasi Alphabet’ni reklama texnologiyalari bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilgani uchun 2,95 milliard yevro miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda xalqaro ommaviy axborot vositalari ma’lum qildi.
Komissiyaning izohlashicha, Google o‘z xizmatlariga raqobatchilar hisobiga afzallik berib, reklama beruvchilar va onlayn nashriyotlarga bosim o‘tkazgan. Shu tariqa kompaniya raqobat muhitini buzgani ta’kidlandi. Yevrokomissiya Google bunday amaliyotdan voz kechishi va xizmatlariga sun’iy ustunlik berishni to‘xtatishi shart, degan qarorga keldi.
Google esa bu qaror ustidan shikoyat qilish niyatida ekanini bildirdi. Kompaniyaning normativ masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti Li-Enn Malxolland ta’kidlashicha, Yevrokomissiyaning qarori «minglab Yevropa kompaniyalari uchun zararli bo‘lishi, ularning daromad olish imkoniyatlarini qiyinlashtirishi mumkin».
Bloomberg‘ning qayd etishicha, mazkur qaror Yevropa Ittifoqi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi savdo munosabatlari keskinlashgan bir vaqtda qabul qilindi. Donald Tramp bir necha bor Yevropa Ittifoqining yirik texnologiya kompaniyalariga qarshi siyosatini qoralagan va Yevropa tomonidan qabul qilingan qonunlarni «Amerika biznesini cheklashga qaratilgan» hujjatlar sifatida baholagan.
Bu safar ham Tramp o‘z munosabatini yashirmadi. U Yevrokomissiya qaroriga javoban AQSH qonunidagi 301-modda asosida tergov boshlash bilan tahdid qildi. Mazkur modda prezidentga boshqa davlatlarning Amerika biznesiga nisbatan «adolatsiz» harakatlariga yakka tomonlama chora ko‘rish huquqini beradi.
«Yevropa bugun Amerikadagi yana bir buyuk kompaniya – Google’ga zarba berdi. Unga 3,5 milliard dollarlik jarima solishdi. Bu mablag‘lar AQSHda investitsiya va ish o‘rinlariga sarflanishi kerak edi», – deb yozdi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, Google kompaniyasi avval ham Yevrokomissiya tomonidan bir necha bor javobgarlikka tortilgan. 2017-yilda kompaniya bozordagi ustun mavqeini qonunga zid ravishda ishlatgani uchun 2,4 milliard yevro jarima to‘lagan. 2018-yilda esa monopoliyaga qarshi qonun buzilishi uchun yana 4,3 milliard yevro miqdorida jarimaga tortilgan edi.
Shu tariqa, Yevropa bilan Amerika o‘rtasidagi yirik texnologiya kompaniyalari atrofidagi qarama-qarshilik yanada kuchayishi ehtimol qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!