AQSH va Xitoy yetakchilari yaqin vaqtlarda Janubiy Koreyada yuzma-yuz muloqot qilishi mumkin.
CNN tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH prezidenti Donald Tramp va uning maslahatchilari Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammitida ishtirok etish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Manbalarning qayd etishicha, sammit doirasida Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasida muzokaralar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Hozircha ehtimoliy uchrashuvning aniq tafsilotlari oshkor qilinmagan. Ammo diplomatik doiralarda bu muloqotning muhim ahamiyat kasb etishi kutilyapti.
CNN manbalari qo‘shimcha qilishicha, AQSH prezidenti Janubiy Koreyaga tashrif davomida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan ham ko‘rishishi mumkin. Biroq uning sammitda ishtirok etishi hozircha ma’lum qilinmagan. Oq Uy esa tashrifning asosiy maqsadini iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash sifatida ta’riflagan.
Eslatib o‘tamiz, APEC sammiti Janubiy Koreyaning Kyonju shahrida 31 oktyabr va 1 noyabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu tariqa, kelgusi oydagi uchrashuv xalqaro munosabatlarda muhim voqealardan biriga aylanishi mumkin, chunki unda nafaqat iqtisodiy hamkorlik, balki global xavfsizlik masalalari ham muhokama qilinishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!