Qatar tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Majid Al-Ansarining ta’kidlashicha, Isroil zarbalarini HAMAS siyosiy byurosi a’zolari istiqomat qilayotgan turar-joy binolariga qaratgan.
«Bu vahshiyona hujum xalqaro huquq va me’yorlarni ochiqdan ochiq buzish bo‘lib, Qatar fuqarolari hamda bu yerda yashovchi rezidentlarning xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda», – deyilgan vazirlik bayonotida.
Qatar hukumati mazkur amaliyotni qattiq qoralab, Isroilning mintaqada xavfsizlikni izdan chiqarayotgan «beparvo qadamlari»ga va Qatar xavfsizligi hamda mustaqilligiga qarshi yo‘naltirilgan har qanday xatti-harakatlarga mutlaqo toqat qilmasligini bildirdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, holat yuzasidan yuqori darajada tergov ishlari olib borilmoqda va qo‘shimcha tafsilotlar yaqin kunlarda e’lon qilinadi.
HAMAS manbalari Al-Jazeera orqali ma’lum qilishicha, Dohada sulh taklifini muhokama qilayotgan yig‘ilishda qatnashgan barcha amaldorlar Isroil suiqasdi urinishidan omon qolgan. Xabarlarga ko‘ra, zarbalar aynan Tramp taklif etgan kelishuvni muhokama qilayotgan guruhni yo‘q qilishga qaratilgan.
Isroil hukumati esa operatsiya uchun to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi: «HAMASning yuqori rahbarlariga qarshi zarba mustaqil Isroil amaliyoti edi. Uni biz boshladik, biz o‘tkazdik va unga to‘liq mas’ulmiz», – deyilgan Bosh vazir idorasi bayonotida.
Shu bilan birga, AQSHning Dohadagi elchixonasi o‘z binolarida xavfsizlik tartibini kuchaytirganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 9 sentyabr kuni tushdan keyin Qatar poytaxtida bir nechta kuchli portlash ovozlari eshitilgandi. Jurnalist Barak Ravidning Isroil rasmiylariga tayanib bergan xabarlariga ko‘ra, bu portlashlar HAMAS yetakchilariga qaratilgan suiqasd sifatida amalga oshirilgan.
Shu tariqa, Isroil harbiy-havo kuchlari ayni paytda Dohada HAMAS rahbariyatiga aniq zarba berganini e’lon qildi. Bu voqea Yaqin Sharqdagi keskinlikni yanada kuchaytib, mintaqadagi siyosiy-harbiy vaziyatni jiddiy murakkablashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!