date

Qozog‘istonda portlash oqibatida 3 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Qozog‘istonda portlash oqibatida 3 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
Qozog‘iston Respublikasining Olmaota viloyatida yuz bergan mudhish portlash fojiali oqibatlarga olib keldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 11 sentyabr kuni Ili tumani hududida joylashgan LGN Metal metall qabul qilish korxonasida kuchli portlash sodir bo‘lib, uch nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi.

Mazkur voqea haqida avvalroq mahalliy OAV xabar tarqatgan bo‘lib, O‘zbekiston Migratsiya agentligi ham hodisani rasman tasdiqladi. Ayni vaqtda marhumlarning jasadlarini vatanga qaytarish uchun zarur rasmiylashtirish jarayonlari olib borilmoqda.

Portlash Bayserke qishlog‘ida sodir bo‘lgani aytilmoqda. Hozirda tuman politsiyasi tomonidan “Mehnat muhofazasi qoidalarini buzish, inson o‘limiga sababchi bo‘lish” moddasi asosida jinoyat ishi ochilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Korxona egasi Amirbek Sherbayevning aytishicha, metall chiqindilari orasida tankka qarshi minalar bo‘lishi ehtimoli katta. Uning ta’kidlashicha, mazkur sex avval Xitoy kompaniyasi tomonidan ijaraga olingan va ular arzon narxda turli metall parchalarini sotib olgan. Biroq ular orasida harbiy chiqindilar va ishlatilmagan mina bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

«Seximiz quyuv qismida portlash yuz berdi. Aniq sababini hali bilmaymiz, ammo xavfli harbiy buyumlar oralashgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Barcha kuch tuzilmalari voqea joyiga kelib, tekshiruv ishlarini boshladi», – dedi Sherbayev.

O‘zbekiston tomonidan Migratsiya agentligi halok bo‘lgan fuqarolarning yaqinlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun hududiy mas’ullar biriktirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, Qozog‘iston tergov organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borilayotgani ta’kidlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘istonda portlash oqibatida 3 o‘zbekistonlik halok bo‘ldi