date

Misr muzeyida 3 ming yillik fir’avn Amenemopetga tegishli tilla bilaguzuk yo‘qoldi

Misr muzeyida 3 ming yillik fir’avn Amenemopetga tegishli tilla bilaguzuk yo‘qoldi
Qohiradagi Misr milliy muzeyida sensatsion voqea sodir bo‘ldi. Qadimgi tarix bilan bevosita bog‘liq noyob eksponat — fir’avn Amenemopetga tegishli tilla bilaguzuk izsiz yo‘qolgani ma’lum qilindi. Bu haqda Misr qadimiy yodgorliklar vazirligi manbalariga tayanib, mahalliy va xalqaro OAV xabar berdi.

Fir’avn Amenemopet miloddan avvalgi 993–978 yillarda hukmronlik qilgan va o‘z davrida Misrning obro‘li podshohlaridan biri bo‘lgan. Yo‘qolgan bilaguzuk sof oltindan yasalgan bo‘lib, unda lazurit toshlari bilan bezak berilgan. Muzey ma’lumotlariga ko‘ra, uning og‘irligi taxminan 600 grammni tashkil etadi. Artefakt 3 ming yildan ko‘proq tarixga ega bo‘lib, misrshunos olimlar uchun juda katta ahamiyat kasb etardi.

Bilaguzukning yo‘qolishi muzeydagi inventarizatsiya jarayoni paytida aniqlangan. Biroq uni oxirgi marta qachon va kim tomonidan ko‘rilgani hozircha noma’lum. Mahalliy matbuot bu holatni "madaniy merosga qaratilgan eng katta zarba" deb baholamoqda.

Hozirda muzeyda ichki tekshiruv boshlangan, maxsus komissiya tashkil etilgan. Aybdorlar hali topilmagan bo‘lsa-da, vazirlik barcha aeroportlar, dengiz portlari va quruqlikdagi chegara postiga rasmiy xabar yo‘llagan. Yo‘qolgan bilaguzukning fotosuratlari rasmiy organlarga tarqatilgan va uni mamlakatdan noqonuniy olib chiqishning oldini olish choralari ko‘rilmoqda.

Qohiradagi milliy muzey dunyodagi eng yirik madaniy xazinalardan biri hisoblanadi. U yerda 17 mingdan ortiq eksponat saqlanadi. Jumladan, fir’avn Amenemopetning mashhur dafn niqobi ham muzeyning eng noyob asarlari qatorida. Hozirda mutasaddilar restavratsiya bo‘limida yana boshqa buyumlar yo‘qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun to‘liq ro‘yxat olish ishlarini olib borishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Misr muzeyida 3 ming yillik fir’avn Amenemopetga tegishli tilla bilaguzuk yo‘qoldi