Ispaniyaning Uelva shahrida juda og‘ir sud jarayoni yakunlandi. Voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikda ayblangan bolalar futboli murabbiyiga nisbatan keskin hukm chiqarildi.
Mundo Deportivo yozishicha, mazkur shaxs 2023-yilning yanvaridan beri hibsda saqlanayotgan edi. Sud qaroriga ko‘ra, u 60-yilu 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, murabbiy o‘zining kasbiy mavqeidan va bolalarning himoyasizligidan foydalanib, 21 nafar voyaga yetmaganga nisbatan jinoiy harakat sodir etgan. Umumiy hisobda esa u 31 ta holat bo‘yicha aybdor sifatida topildi.
Shu bilan birga, qamoq jazosidan tashqari, unga qator cheklovlar ham qo‘llanildi. Xususan, mahkum ozodlikka chiqqanidan so‘ng besh yil davomida jabrlanuvchilarga 200 metrdan yaqinlashishi mumkin emas. Bundan tashqari, umrbod tarzda voyaga yetmaganlar ishtirok etadigan har qanday sport tadbirlarida murabbiy yoki instruktor sifatida faoliyat yuritishi taqiqlandi.
Bu hukm Ispaniya jamoatchiligida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi va bolalar xavfsizligini ta’minlashda yanada qattiq nazorat zarurligi haqida muhokamalarni kuchaytirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!