date

Afg‘oniston universitetlarida ayol mualliflar asarlari taqiqlandi

Afg‘oniston universitetlarida ayol mualliflar asarlari taqiqlandi

Afg‘onistonda yana bir shov-shuvli qaror qabul qilindi. “Tolibon” muvaqqat hukumati universitetlarda ayollar tomonidan yozilgan kitoblarni o‘quv dasturlaridan chiqarish haqida buyruq berdi. 

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, taqiqlangan kitoblar soni 680 ta bo‘lib, ulardan 140 tasi aynan ayol mualliflar qalamiga mansub asarlardir. Shunday qilib, mamlakat oliy ta’lim tizimidan ayollar ilmiy va adabiy merosining katta qismi yo‘qotildi.

Bundan tashqari, “Tolibon” 18 ta fanni ham universitetlarda o‘qitishni taqiqlagani aytilmoqda. Ularning sirasiga “Gender va taraqqiyot”, “Ayollar sotsiologiyasi”, “Muloqotda ayollarning roli” kabi yo‘nalishlar kiradi. Rasmiylar bu fanlarni “shariat tamoyillari va harakat siyosatlariga zid” deb baholagan.

Huquq faollari esa bu qarorni keskin qoralab, uning ayollar va qizlar uchun ta’lim olish imkoniyatlarini yanada cheklashini ta’kidlamoqda. Ular fikricha, bu nafaqat ta’lim sohasiga, balki mamlakatdagi ilmiy faoliyat va fikr erkinligiga ham qattiq zarba bo‘lishi mumkin.

Mutaxassislar ogohlantirishicha, taqiqlangan kitoblar orasida ko‘p yillardan beri o‘quv dasturlarida asosiy manba bo‘lib kelgan muhim darsliklar ham bor. Demak, universitetlarda ta’lim sifatini saqlab qolishda katta muammolar yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.

Xalqaro hamjamiyat esa bu qarorni Afg‘onistonda ayollarga nisbatan kamsitish siyosatining navbatdagi bosqichi sifatida baholamoqda. Ular “Tolibon”ning bu amaliyoti mamlakatda gender tengligi va inson huquqlariga butunlay zid ekanini urg‘ulab kelishmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston universitetlarida ayol mualliflar asarlari taqiqlandi