
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH prezidenti Donald Trampning Ukraina mojarosi haqidagi so‘zlariga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, Vashington rahbarining bu mavzuga emotsional yondashishi tabiiy holat, chunki u urushni to‘xtatishga harakat qilmoqda.
Jurnalistlar Peskovdan Vladimir Putinning Tramp tomonidan aytilgan «pand berdi» degan aybloviga munosabatini so‘rashdi. Kreml vakili bunga javoban:
— Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari va shaxsan prezident Tramp o‘z siyosiy irodasini saqlab qolishiga ishonamiz. U bu mavzuda juda hissiy yondashmoqda va bu mutlaqo tushunarli holat, — dedi.
Shu bilan birga, Peskov Vladimir Putinning Ukrainadagi mojaroni faqat diplomatik yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Kreml bu yo‘nalishda ko‘p ishlarni amalga oshirmoqda. Biroq, Moskva tarafidan bildirilishicha, “Kiyev rejimi va ayrim Yevropa davlatlari qarshilik yo‘lini tanlab, jarayonni cho‘zmoqda”.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 18-sentyabr kuni qilgan chiqishida Putin bilan munosabatlari tufayli Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni osonroq hal qilish mumkinligini o‘ylaganini, ammo “rossiyalik hamkasbi unga pand berganini” aytgan edi.
Peskovning bayonoti shundan dalolat beradiki, Moskva Vashington bilan muloqot imkoniyatlarini yopmagan. Shu bilan birga, Ukraina atrofidagi vaziyat hali ham G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi jiddiy kelishmovchilik nuqtasi bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!