date

Tolibon Trampga javob berdi: Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmang

Tolibon Trampga javob berdi: Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmang

Afg‘onistonda hozir hukmronlik qilayotgan «Tolibon» harakati vakili Zabihullo Mujohid AQSH prezidenti Donald Trampning Bagrom aviabazasini qaytarish haqidagi talabiga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston hech qanday shartda o‘z hududidan voz kechmaydi va mamlakatning ichki ishlariga aralashishga yo‘l qo‘ymaydi.

Ma’lumki, Bagrom aviabazasi Amerika harbiylari uchun Afg‘onistondagi eng yirik strategik nuqta hisoblangan va ular bu yerni 2021-yilda tark etgan edi. «Tolibon» eslatishicha, Dohada imzolangan kelishuv doirasida Qo‘shma Shtatlar «Afg‘onistonning hududiy yaxlitligiga tahdid qilmaslik va ichki ishlariga aralashmaslik» majburiyatini olgan. Shuning uchun, ular o‘z va’dalarini bajarishlari shart.

Zabihullo Mujohid bayonotida, Afg‘oniston barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli va konstruktiv aloqalar o‘rnatishga intilayotgani, AQSH esa o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasdan, ratsional va pragmatik siyosat yuritishi lozimligini ta’kidladi.

Mavzu yuzasidan mamlakat Mudofaa vazirligi shtabi rahbari Fasihuddin Fitrat ham chiqish qildi. Uning fikricha, «bazani qaytarish» masalasi siyosiy kelishuv orqali amalga oshirilishi mumkin emas. «Afg‘onistonning bir qarich yeri ham savdo obyekti emas, bizga bunday bitimning hojati yo‘q», dedi u.

Politico nashri yozishicha, hozircha AQSH rasmiylari Afg‘oniston bilan Bagrom bazasi haqida qandaydir ochiq muzokaralar olib borayotgani haqida ma’lumot yo‘q. Ammo vaziyat Trampning keskin bayonotlaridan so‘ng yana ham dolzarb tus oldi.

Eslatib o‘tamiz, Tramp avvalroq o‘zining Truth Social tarmog‘ida «Agar Afg‘oniston AQSH qurgan Bagrom bazasini qaytarmasa, yomon oqibatlar bo‘ladi», deya og‘ir ogohlantiruv bergan edi. U, shuningdek, Jo Bayden ma’muriyatini aviabazani toliblarga topshirib, Xitoyga mintaqa ustidan ta’sir o‘tkazish imkoniyatini berganlikda aybladi.

2021-yilda AQSH qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketgach, «Tolibon» qisqa muddat ichida mamlakatda to‘liq hokimiyatni qo‘lga kiritgan edi. Hozir esa Bagrom masalasi Vashington va Qobul munosabatlarida yana yangi tortishuv nuqtasiga aylandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tolibon Trampga javob berdi: Afg‘oniston ichki ishlariga aralashmang