Fransiya rasmiy ravishda Falastin davlatini tan oldi. Prezident Emmanuel Makron BMT Bosh Assambleyasida chiqish qilib, G‘azodagi urushni davom ettirishga hech qanday asos yo‘qligini aytdi. U tinchlik o‘rnatish va ikki davlatli yechim zarurligini ta’kidladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham Assambleyada nutq so‘zlashi kutilmoqda. Shu bilan birga, Belgiya, Lyuksemburg va yana bir necha Yevropa davlatlari Falastinni tan olish arafasida turibdi.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, urushni to‘xtatish, garovdagilarni ozod qilish va Isroil hamda Falastin yonma-yon tinchlikda yashash imkoniyatini saqlab qolish eng muhim vazifa. Saudiya Arabistoni ham ikki davlatli yechimni yagona barqaror yo‘l sifatida qo‘llab-quvvatladi.
Isroil esa Falastinni tan olishni keskin tanqid qildi va buni “Hamasni mukofotlash” deb atadi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi G‘azoni tiklash uchun yangi moliyaviy yordam mexanizmini ishga tushirishini e’lon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!