Tramp: Rossiya-Ukraina urushi yaqinda tugamaydi

Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushi yaqin orada tugamasligini aytdi. U Rossiya iqtisodiyoti izdan chiqayotganini va Ukraina armiyasi katta qo'shinni to'xtatishda yaxshi ish olib borayotganini ta'kidladi. Tramp Xitoy va Hindistonni Rossiya neftini sotib olayotgani uchun urushning "asosiy moliyachilari" deb atadi hamda Viktor Orbanni Rossiya neftidan voz kechishga ko'ndirish ehtimolini bildirdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazdi.
Uning aytishicha, Rossiya-Ukraina urushi hali tez orada yakunlanishiga umid yo‘q.
— Rossiya unchalik kuchli emas. Bu ular uchun oson kechishi kerak edi. Ammo ko‘rinib turibdiki, urush uzoqqa cho‘ziladi, — dedi Tramp.
Prezidentning fikriga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti izdan chiqmoqda va bu tinchlik yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi:
— Eng katta yutuq — bu Rossiya iqtisodidir. U halokatli holatda, vayronaga aylanmoqda. Ochig‘ini aytsam, Ukraina armiyasi katta qo‘shinni to‘xtatishda juda yaxshi ish olib bormoqda, — deya qo‘shimcha qildi u.
Tramp, shuningdek, Xitoy va Hindiston Rossiya neftini sotib olishni davom ettirayotgani sababli ularni urushning “asosiy moliyachilari” sifatida atadi. U Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan ham muloqot qilib, uni Rossiya neftini xarid qilishdan voz kechishga ko‘ndirish ehtimolini istisno etmadi.






























Izohlar 0
…