Dubay shahrida joylashgan Roasters Specialty Coffee House qahvaxonasida dunyodagi eng qimmat qahva tayyorlanib, xaridorga taklif qilingani haqida Ginnessning rekordlar kitobi rasmiy sayti xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bir finjon qahvaning narxi 2500 dirham, ya’ni taxminan 680 AQSH dollariga teng bo‘lgan. Bu kabi qimmatbaho ichimlikni iste’mol qilgan xaridorning shaxsi ochiqlanmagan.
Ta’kidlanishicha, noyob qahva tayyorlash uchun Panamadagi Hacienda La Esmeralda fermasida yetishtirilgan Geysha navli arabika donlari ishlatilgan. Bu nav o‘zining yuksak sifatli ta’mi, o‘ziga xos hidi va noyob xususiyatlari bilan jahonda eng nufuzli qahva turlaridan biri sifatida qadrlanadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ushbu qahvaning qimmatligi unda ishlatilgan donlarning kamyobligi va ularni yetishtirish jarayonining o‘ta murakkabligi bilan izohlanadi. Geysha turi har doim ham katta hosil bermaydi, shuning uchun bozorda uning narxi odatdagidan bir necha barobar yuqori.
Dubayda tayyorlangan bu finjon qahva nafaqat narxi bilan, balki Ginnessning rasmiy ro‘yxatiga kirishi bilan ham dunyo qahva ixlosmandlari orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shu tariqa, ushbu voqea nafaqat qahva bozori, balki gastronomiya olamida ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!