24 sentyabr, chorshanba kuni Rossiya armiyasi Ukraina qurolli kuchlarining quriqlik qo‘shinlari tarkibidagi o‘quv bo‘linmasiga yo‘naltirilgan qo‘shma hujum uyushtirdi. Ukraina harbiylari Facebook’da ma’lum qilishicha, ushbu zarba vaqtida bir nechta qurol turlari qo‘llanilgan, ular ichida ikkita «Iskandar» ballistik raketasi ham borligi qayd etilgan.
Ukraina qo‘shinlarining rasmiy sahifasida e’lon qilingan bayonotda aytilishicha, aniq nishonga yo‘naltirilgan zarba natijasida shaxsiy tarkibga xavfsizlik choralari ko‘rilganiga qaramay, yo‘qotishlarni butunlay oldini olish imkoni bo‘lmagan. Hozircha qurbonlar soni va hodisa sodir bo‘lgan aniq joy ochiqlanmagan.
Avvalroq Ukraina Harbiy-havo kuchlari Chernixiv viloyatida Ukraina armiyasining o‘quv markazlari joylashgan hududlarga raketa va dron zarbalari berilgani haqida ma’lum qilgan edi. Bu hujumlar Ukrainadagi harbiy infratuzilmalarning xavf ostida qolishini yana bir bor ko‘rsatdi.
Ukraina harbiylari ma’lum qilishicha, hozirda shaxsiy tarkibning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida o‘quv markazlari, poligonlar va boshqa harbiy obyektlarni ishonchli boshpanalar bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, xizmatchilarni dushman tomonidan yo‘lga qo‘yilgan raketa va havo hujumlari paytida muhofaza qilish uchun qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rilmoqda.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu kabi choralar kelgusidagi ehtimoliy talafotlarni kamaytirishga va shaxsiy tarkibni kuchli zarbalardan himoya qilishga qaratilgan. Shu bois, Ukraina qurolli kuchlari xavfsizlik tizimini yanada kuchaytirishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!