Ozarbayjon poytaxti Bokuda yirik infratuzilma loyihasi amalga oshirilmoqda. Mamlakat metropoliteni tarixida birinchi marta ikki qavatli metro stansiyasi qurilayapti.
«Bok-u metropoliteni» matbuot xizmati vakili Mamed Rizayev ma’lum qilishicha, B-4 deb nomlangan yangi stansiya kelgusi yil oxiriga qadar foydalanishga topshiriladi. Uning asosiy jihati — ikki qavatli tarzda qurilayotgani hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar qurilishning 80 foizdan ziyodi yakunlangan. Bu, o‘z navbatida, stansiya ishga tushirilishi belgilangan muddatga yetib borishiga ishonch uyg‘otmoqda.
B-4 stansiyasi binafsha yo‘nalishining beshinchi bekati bo‘lib, metropoliten tizimidagi 28-stansiya sifatida ro‘yxatdan o‘tadi. U Haydar Aliyev nomidagi sport majmuasi va Klinik tibbiyot markazi oralig‘ida joylashgani bois yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratishi kutilmoqda.
Mahalliy mutaxassislar ta’kidlashicha, yangi stansiya faqatgina poytaxt yo‘lovchi oqimini yengillashtirib qolmay, balki Bok-u metropolitenida arxitekturaviy va texnik jihatdan yangi bosqichni boshlab beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!