SpaceX asoschisi va bosh direktori Ilon Maskning fikricha, agar og‘ir raketa tashuvchilar sohasida muhim yutuqlar qo‘lga kiritilsa, insoniyat 2055-yilga borib Qizil sayyorada barqaror va o‘zini o‘zi ta’minlaydigan koloniya tashkil etishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, buni 30-yil ichida amalga oshirish imkoni bor. Bunda asosiy omil sifatida har ikki yilda bir ochiladigan Marsga parvozlardan samarali foydalanib, u yerga yetkazib berish mumkin bo‘lgan tonnajni eksponensial tarzda ko‘paytirish kerak bo‘ladi.
Maskning qayd etishicha, tonnaj ko‘lamini oshirish katta ahamiyatga ega, chunki Marsdagi istiqomat punkti turli xil moddalar va resurslarga ehtiyoj sezadi — turar joy modullari, robot yordamchilari, oziq-ovqat yetishtirish tizimlari, atmosferadan yonilg‘i ajratib olish texnologiyalari, shuningdek mikrochiplar, kompyuterlar va raketalarni ishlab chiqarish uchun zarur materiallar. Uning fikricha, haqiqiy mustaqillik uchun “sivilizatsiyaning barcha tarkibiy qismlari” joylashtirilishi shart.
Kelgusida to‘liq qayta ishlatilishi mumkin bo‘lgan Starship V3 transport tizimi aynan shu vazifalarni bajarish uchun ishlab chiqilmoqda. U 100 tonnadan ziyod yukni orbitaga olib chiqish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich hozirda faqat qisman qayta foydalanish mumkin bo‘lgan Falcon Heavy imkoniyatlaridan taxminan 2,5 baravar ko‘pdir. Ayni vaqtda Falcon Heavy va Falcon 9 raketalarida yuqori bosqich faqat bir martalik hisoblanadi. Super Heavy va Ship (Starship’ning yuqori bosqichi) esa to‘liq qayta foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Maskning ma’lum qilishicha, Starship V3 raketa tizimi taxminan 124,4 metr balandlikka ega bo‘ladi. Solishtirish uchun, Starship V2 versiyasi 121 metrni tashkil etadi. Ushbu uchinchi avlod tizimi Marsga parvoz qila oladigan birinchi to‘liq modifikatsiya sifatida ishga tushiriladi. SpaceX kelgusi yil boshida Starship V3 yordamida Marsga ilk uchuvchisiz missiyalarni yo‘llashni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!