date

Hindiston AQSH ga shart qo‘ydi: Rossiya nefti o‘rniga Eron va Venesueladan neft olish

Hindiston AQSH ga shart qo‘ydi: Rossiya nefti o‘rniga Eron va Venesueladan neft olish

Bloomberg agentligining ma’lumot berishicha, Hindiston hukumati rasmiylari Tramp ma’muriyatidan Rossiyadan neft importini sezilarli darajada kamaytirish evaziga sanksiyalar ostidagi Eron hamda Venesueladan neft xarid qilishga ruxsat berishni so‘rab chiqdi.

Agentlik manbasiga ko‘ra, shu hafta AQSHga tashrif buyurgan Hindiston delegatsiyasi rasmiy muloqotlar chog‘ida mazkur iltimosni yana takrorladi. Hindiston vakillari ta’kidlaganidek, Rossiya, Eron va Venesuela kabi yirik yetkazib beruvchilardan bir vaqtning o‘zida ta’minot to‘xtatilishi jahon bozorida neft narxining keskin o‘sishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Muzokaralar AQSH hukumati Rossiya bilan neft savdosi uchun Hindistonga nisbatan qat’iy tariflar joriy etganidan keyin o‘tkazildi. Shunga qaramay, mamlakat hozircha Rossiyadan neft import qilishni qisqargan hajmda bo‘lsa ham davom ettirmoqda.

Shu hafta Nyu-Yorkda Amerikada bo‘lgan Hindiston savdo vaziri Piyush Goyyal esa AQSHdan neft va gaz xaridlarini ko‘paytirish niyatini ochiq bildirdi. «Bizning energiya xavfsizligi strategiyamizda AQSHning ulushi juda katta bo‘lishi ko‘zda tutilgan», – dedi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Hindistonning neftga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 90 foizi import hisobidan qoplanadi. Rossiyaning arzonroq ta’minoti esa mamlakat uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Masalan, iyul oyida Hindiston neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya neft barrelini o‘rtacha 68,90 dollardan, Saudiya Arabistoni neft barrelini 77,50 dollardan, AQSH neft barrelini esa 74,20 dollardan xarid qilgan. Hozirgi vaqtda Hindiston tanker orqali yetkazib beriladigan Rossiya neftining eng yirik xaridori hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindiston AQSH ga shart qo‘ydi: Rossiya nefti o‘rniga Eron va Venesueladan neft olish