Germaniya qishloq xo‘jaligida tarixiy natija qayd etilishi mumkin. Mamlakat qishloq xo‘jaligi vazirligi va Agrarheute nashri ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda kartoshkadan so‘nggi chorak asrda kuzatilmagan darajada mo‘l hosil yig‘ib olinishi kutilmoqda.
Rasmiy hisobotlarga ko‘ra, bu yil nemis dehqonlari o‘tgan yilga nisbatan 5,3 foiz ko‘proq kartoshka yig‘ishadi. Bu jami hisobda 13,4 million tonnadan ziyod hosilga teng keladi.
Kartoshka hosildorligi odatiy yillik ko‘rsatkichlardan 17 foiz yuqori bo‘lib, dehqonchilik maydonlari ham 6,7 foizga kengaygan. Ekin maydoni umumiy hisobda 301 ming gektarga yetgani qayd etildi. Bir gektar yerdan o‘rtacha 44 tonnadan kartoshka olish kutilmoqda, bu esa oxirgi yillarda kuzatilmagan ko‘rsatkichdir.
Narh masalasi esa fermerlar uchun kutilganidek foydali bo‘lmadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 sentner (100 kg) kartoshka dehqonga o‘rtacha 14,9 yevro daromad keltirmoqda. Biroq bozorda narxlar keskin o‘zgarib, 10 yevrodan 24 yevrogacha farq qilmoqda. Oxirgi marta kartoshka narxi bunchalik pasayishi 2021-yil kuzida qayd etilgandi.
Hosilning serobligi eng avvalo nemis iste’molchilari uchun qulaylik yaratdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, iyul oyida kartoshka narxi o‘tgan yilga nisbatan 18,9 foizga arzonlashgan. Bu esa aholining kundalik sarf-xarajatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, fermerlar hosil ko‘pligi va arzonligi sabab kartoshkaning ma’lum qismini chorvachilik ehtiyojlari uchun yo‘naltirishga yoki biogaz ishlab chiqarish korxonalariga topshirishga majbur bo‘lmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, narxlarning yaqin vaqt ichida ko‘tarilishi kutilmayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!