1965–1980-yillarda tug‘ilgan X avlodi vakillari bugungi kunda global iste’mol bozorida asosiy harakatlantiruvchi omilga aylangani ma’lum qilindi. «Report»ning yozishicha, Nielsen xalqaro tadqiqot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, faqatgina Amerika Qo‘shma Shtatlarida 2025-yil davomida mazkur avlod vakillari mahsulot va xizmatlarga umumiy hisobda 15,2 trillion dollar sarflashi kutilmoqda.
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, X avlodi hayotda barqarorlik va izchillikni bosh mezon sifatida belgilaydi. Ular odatda o‘z tajribalariga asoslangan holda qaror qabul qilishadi, impulsiv yoki befoyda iste’moldan qochishadi hamda ortiqcha xarajatdan ehtiyot bo‘lishadi. Shuning uchun ular ko‘p mablag‘ sarflasalar ham, asosan samarali va foydali xaridlarni afzal ko‘rishadi.
Qiyos uchun, keyingi avlodlar iste’moli birmuncha boshqacha. Milleniallar (Y avlodi, 1981–1996-yillarda tug‘ilgan) ko‘proq yangi tajribalar sari intilsa, Z avlodi – «zummerlar» (1997–2012-yilda tug‘ilgan) esa jamoatchilik fikriga asoslanib tanlov qiladi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, internet ommalashishidan oldingi davrda katta yoshga yetgan, ammo raqamli texnologiyalarga ham tez moslashib ketgan X avlodining afzalligi shundaki, ular iste’molchi sifatida ham an’anaviy, ham onlayn kanallarni uyg‘un qo‘llash imkoniga ega. Bu esa xarid madaniyatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shu jihatdan, ekspertlar fikricha, mazkur holat chakana savdo sohasida ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu nafaqat bozorda raqobatni kuchaytiradi, balki umumiy iqtisodiy o‘sish va iste’molchilar uchun yangi yo‘nalishlarni ham rag‘batlantiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!