date

To‘qayev: Iqlim sammitlari katta ko‘lamli firibgarlikka o‘xshaydi

To‘qayev: Iqlim sammitlari katta ko‘lamli firibgarlikka o‘xshaydi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 26-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Fan va texnologiyalar bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida nutq so‘zlab, ilm-fan va zamonaviy texnologiyalarning har bir davlat uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, global iqlim sammitlaridagi vaziyatlar ko‘p jihatdan keng ko‘lamli firibgarlikni eslatadi.

Davlat rahbari misol sifatida Dubay va Bokuda o‘tkazilgan yirik sammitlarda ishtirok etganini eslatib, o‘z taassurotlari haqida so‘z yuritdi. «Men o‘tgan yig‘inlarda kuzatgan holatlarimni hamkasblarim va hukumat vakillari bilan baham ko‘rganimda, sodir bo‘layotgan jarayonlar ko‘proq ommaviy firibgarlik kabi ko‘rindi. Bu fikrlarimni bosh vazir O‘ljas Bektenov ham tasdiqlay oladi», dedi To‘qayev. U shuningdek, AQSH prezidenti Donald Tramp ham yaqinda BMT minbaridan xuddi shunday fikr bildirganini eslatdi: «Iqlim o‘zgarishi — dunyodagi eng katta firibgarlikdir».

Shundan so‘ng Qozog‘iston rasmiy tarzda 35-yil ichida to‘liq dekarbonizatsiya dasturini amalga oshirish rejalarini e’lon qilgani qayd etildi. To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda mamlakatda yillik 118 milliard kilovatt energiya ishlab chiqarilmoqda. Biroq bu ko‘rsatkich yetarli emas, chunki raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalari taraqqiyoti bilan energiyaga talab tobora ortib boradi.

Prezident, shuningdek, energiya manbalaridan oqilona va samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi. Ayniqsa, ko‘mir masalasiga alohida to‘xtalib, Qozog‘iston yiliga 113 million tonnadan ortiq ko‘mir qazib olishini va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘nta mamlakat qatorida turganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, 23-sentyabr kuni AQSH prezidenti Donald Tramp ham iqlim inqirozini «yeng katta firibgarlik» sifatida baholagan edi. Uning ta’kidlashicha, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan qilingan bashoratlarning ko‘pchiligi noto‘g‘ri chiqdi va bunday siyosat ko‘plab mamlakatlarga iqtisodiy yo‘qotishlar keltirgan. «Agar siz bu «yashil firibgarlikdan» voz kechmasangiz, mamlakatingiz yutqazadi», degan edi Oq uy rahbari.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » To‘qayev: Iqlim sammitlari katta ko‘lamli firibgarlikka o‘xshaydi