SpaceX kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Ilon Mask insoniyatning kosmosdagi kelajagiga oid yangi maqsadlarini oshkor qildi. Uning ta’kidlashicha, og‘ir yuk tashish imkoniyatiga ega raketalar texnologiyasidagi ilg‘or yutuqlar tufayli 2055-yilga qadar Qizil sayyorada mustaqil va o‘zini-o‘zi ta’minlaydigan shahar tashkil etish mumkin bo‘ladi.
Maskning fikricha, loyihani amalga oshirish uchun Marsga parvozlar har ikki yilda bir marta ochiladigan orbital imkoniyatlarga asoslanadi. Shu yo‘sinda sayyoraga turar-joy modullari, oziq-ovqat ishlab chiqarish infratuzilmalari, energiya tizimlari, robot yordamchilar, shuningdek elektronika va raketa sanoati uchun zarur moddalar muntazam yetkazib turilishi shart.
Ayni vaqtda SpaceX yangi avlod Starship V3 raketa tizimini ishlab chiqmoqda. Uning imkoniyati 100 tonnadan ortiq yukni orbitaga chiqarishga yetadi va butunlay qayta ishlatish tamoyili asosida qurilmoqda. Solishtirish uchun, avvalgi versiyasi 121 metr bo‘lgan bo‘lsa, yangilangan V3 tizimi 124,4 metr balandlikka ega bo‘ladi.
Kompaniya rejasiga ko‘ra, kelgusi yil boshida Starship V3 yordamida Marsga dastlabki uchuvchisiz missiyalarni yuborish mo‘ljallanmoqda. Maskning ta’kidlashicha, insoniyatning boshqa sayyorada barqaror hayot kechirishi uchun barcha “sivilizatsiya ustunlari” — sanoat, oziq-ovqat ta’minoti, energiya manbalari va texnologik tizimlar bir vaqtning o‘zida joriy qilinishi lozim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!