Niderlandiya hududida Rossiya manfaatlari yo‘lida josuslik qilgan ikki nafar 17 yoshli o‘smir hibsga olindi. Bu haqda 26-sentyabr, juma kuni De Telegraaf nashri xabar tarqatdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirlar 16-avgust kuni Haaga shahridagi Yevropol, Yevropa adliya tizimi hamda Kanada elchixonasi binolari yaqinidan o‘tayotganda, ularda «Wi-Fi-sniffer» — ya’ni internet tarmoqlarini kuzatish, parollarni o‘g‘irlash va turli ma’lumotlarni qo‘lga kiritish uchun mo‘ljallangan maxsus uskuna borligi aniqlangan.
Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, yigitlar bilan Telegram messenjeri orqali anonim kurator aloqa o‘rnatgan. Ularga qo‘yilgan ayblovlar Niderlandiyaning Razvedka va xavfsizlik xizmati (AIVD) tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida ilgari surilgan.
Bu mamlakat tarixida ilk bor voyaga yetmagan shaxslarning xorijiy davlat tomonidan yollanishi bilan bog‘liq holat sifatida qayd etilmoqda. 25-sentyabr, payshanba kuni gumonlanuvchilar tergov sudyasi oldiga olib chiqildi. Sud qaroriga ko‘ra, ulardan biri yana qo‘shimcha 14 kun qamoqda qoldirildi. Ikkinchisiga esa uy qamog‘i belgilanib, elektron bilaguzuk taqish majburiyati yuklatildi.
De Telegraafning yozishicha, gumonlanuvchilardan biri hali maktab o‘quvchisi bo‘lib, xokkey bilan shug‘ullangan, geymingga qiziqqan va hatto uyquga ham yumshoq o‘yinchoq bilan yotgan. Uning ota-onasi uchun esa ushbu voqea mutlaqo kutilmagan holat bo‘lib chiqdi. Yigit bazm va kechalarga bormagan, faqat supermarketda ishlab yurgani ma’lum qilingan.
Qo‘lga olish amaliyoti chog‘ida kamida sakkiz nafar huquq-tartibot xodimi tintuv orderi bilan uyga kirib borgan va hibs jarayonini amalga oshirgan. Bu voqea nafaqat ota-onalar, balki keng jamoatchilik uchun ham katta hayrat uyg‘otdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!