date

iPhone 17 yig‘uvchilari ish vaqtidan tashqari noqonuniy ravishda ishlashga majbur qilingani aniqlandi

iPhone 17 yig‘uvchilari ish vaqtidan tashqari noqonuniy ravishda ishlashga majbur qilingani aniqlandi

Bloomberg tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Apple’ning eng yirik pudratchisi hisoblangan Tayvanning Foxsonn kompaniyasi iPhone 17 smartfonlarini ommaviy ishlab chiqarish jarayonida Xitoy mehnat qonunchiligini bir qator holatlarda buzgani aniqlandi. Tergovni olib borgan China Labor Watch (CLW) tashkiloti bu haqda batafsil hisobot e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Foxsonn’ning Chjenchjou shahrida joylashgan eng yirik ishlab chiqarish majmuasida ishchilar ish vaqtidan tashqari uzoq soatlab mehnat qilishga majbur bo‘lgan. Ular orasida tungi smenalarga jalb qilish holatlari ko‘p qayd etilgan. Shuningdek, ish haqi to‘lovlarining kechiktirilishi, qo‘shimcha mehnat uchun haqning to‘lanmasligi kabi muammolar keng tarqalgan. Tergov 2024-yilning martidan 2024-yil sentyabrigacha bo‘lgan davrni qamrab olgan — aynan yangi iPhone modellarini ishlab chiqarish avj olgan vaqtda.

CLW hisobotiga ko‘ra, ishchilar soni qizg‘in oylarda 150–200 ming kishigacha yetib, ularning yarmidan ko‘pi vaqtinchalik xodimlar bo‘lgan. Xitoy qonunchiligi esa vaqtinchalik ishchilar ulushini 10 foizdan oshirmaslikni talab qiladi. Bu holat esa rasmiy qoidalarning ochiqdan ochiq buzilishi hisoblanadi.

Hisobotda yana bir jiddiy masala qayd etilgan: ish haqi ikki qismda beriladi — yarmi oy oxirida, qolgani esa keyingi hisob-kitob davrida. Shuning uchun ishdan ketgan xodimlar ko‘pincha ortiqcha ishlagan soatlari uchun haqsiz qolishgan.

Xuquq himoyachilari yana qator muammolarni qayd etgan: belgilangan limitdan ortiq ish vaqti, yosh xodimlarni tungi smenada ishlatish, ishga qabul qilishda tengsizlik, xavfli moddalar bilan ishlashda yetarli shaxsiy himoya vositalari berilmasligi, ishchilarga bosim va qo‘rqitish holatlari.

Apple esa nashrga bildirgan munosabatida kompaniya mehnat muhofazasi, inson huquqlari va biznes etikasi bo‘yicha “eng yuqori standartlarga” amal qilishini ta’kidladi. Shuningdek, korporatsiya pudratchilarini muntazam tekshirishini va qoidabuzarliklar haqidagi xabarlarga tezkor munosabat bildirishga intilishini bildirdi. Apple’ning ichki talablari ham, Xitoy qonunchiligi kabi, ish haftasi davomiyligini 60 soatdan oshmasligi lozimligini belgilaydi. Biroq Foxsonn ishchilari ko‘p hollarda haftasiga 75 soatgacha ishlashga majbur bo‘lgan.

CLW bu kabi tekshiruvni oxirgi marta 2019-yilda o‘tkazganini eslatdi. Ularning baholashicha, ayrim jihatlarda vaziyat yomonlashgan bo‘lsa-da, ijobiy o‘zgarishlar ham yo‘q emas: masalan, ishlab chiqarishda yoshlar ishlatilishi to‘xtatilgan va ortiqcha ishlash holatlari umumiy darajada qisqargan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » iPhone 17 yig‘uvchilari ish vaqtidan tashqari noqonuniy ravishda ishlashga majbur qilingani aniqlandi