Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qayta joriy etish taklifini ilgari surdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Askat Alagozov xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Prezident Administratsiyasiga bolalar, qizlar va ayollarga qarshi sodir etiladigan jinoyatlar uchun eng og‘ir jazo choralarini nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berilgan.
Japarovning tashabbusiga 17 yoshli Aysulu Mukasheva bilan bog‘liq fojiali hodisa turtki bo‘ldi. Aysulu 27 sentyabr kuni yo‘qolib qolgan, keyinchalik uning jasadi Kemin tumanida topilgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olingan 41 yoshli erkak uni o‘g‘irlab, zo‘rlab va o‘ldirganini tan olgan.
Bu voqea jamiyatda katta rezonans uyg‘otdi va jinoyatchilarga nisbatan jazoni kuchaytirish haqidagi bahslarni yanada kuchaytirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!