AQSH siyosiy maydonida yana katta sukutdan keyin qizg‘in bahslar boshlandi. Davlat kotibi Marko Rubio mamlakatning keyingi prezidenti kim bo‘lishi mumkinligi haqida fikr bildirib, bu masalada jamoatchilik e’tiborini yanada kuchaytirdi. Bu haqda u Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb xabar berdi Reuters.
Rubio so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vitse-prezident Jey Di Vens kelgusi saylovlarda Respublika partiyasidan prezidentlikka eng kuchli nomzod sifatida qaralmoqda. “Menimcha, agar u bunday qarorga kelsa, Amerika Qo‘shma Shtatlari vitse-prezidenti Jey Di Vens keyingi Respublika partiyasidan asosiy nomzod bo‘ladi”, — dedi Rubio.
Uning ta’kidlashicha, Vens nafaqat siyosiy tajribasi, balki shaxsiy qobiliyati bilan ham mamlakat kelajagi uchun katta imkoniyatlarga ega. Rubio uni “yaxshi do‘st va salohiyatli yetakchi” sifatida ta’riflab, uning faoliyatini yuqori baholagan. Shuningdek, Davlat kotibi Vens hozirdagi prezident jamoasi bilan hamohang ishlab, Donald Trampning siyosiy dasturini amalga oshirishda faol ishtirok etayotganini ta’kidladi.
Oxirgi oylarda Jey Di Vensning siyosiy kelajagi haqida turli tahlillar va bahslar tobora ko‘paymoqda. Trampning o‘zi ham 2025-yil avgust oyida uni MAGA (Make America Great Again) harakatining “eng ehtimoliy vorisi” deb atagan edi. Bu esa uning partiya ichidagi mavqeini yanada mustahkamladi.
Reuters va Newsweek manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, aynan Vens va Rubio Trampdan keyin Respublika partiyasidagi asosiy yetakchilar sifatida ko‘rilmoqda. Bu ikki siyosatchi Trampning g‘oyalarini yangi shaklda davom ettirish imkoniga ega deb baholanmoqda.
Jey Di Vens esa bir necha bor omma oldida agar Trampga nimadir bo‘lsa, prezidentlik vazifasini bajarishga tayyor ekanini ochiq aytgan. Siyosiy kuzatuvchilarning fikricha, uning vitse-prezident sifatidagi faoliyati unga katta siyosiy tajriba berdi va saylovchilar oldidagi obro‘sini mustahkamladi.
Rubio esa hozircha o‘z nomzodini ilgari surish niyati yo‘qligini bildirgan bo‘lsa-da, Vensni “kuchli va istiqbolli” siyosatchi sifatida ko‘rishini yashirmadi. Uning fikricha, Vensning siyosiy dunyoqarashi Amerika elitasi orasida ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Shu tariqa, AQSHda 2028 yilgi prezidentlik sayloviga oid dastlabki baholar va taxminlar allaqachon jonlana boshladi. Ko‘pchilik ekspertlar Vashington siyosiy sahnasida yangilanish davri boshlanishi mumkinligini ta’kidlamoqda — va bu jarayonda Jey Di Vensning nomi allaqachon markaziy o‘rinni egallab bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!