Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi frontda rus qo‘shinlarining olg‘a surilishi sekinlashgani haqidagi xabarlarni amalda tasdiqladi. Kreml rahbari Mudofaa vazirligi va Bosh shtab rahbariyati bilan uchrashuvda 2025-yil boshidan buyon «deyarli 5 ming kvadrat kilometr» – aniqrog‘i 4 900 km² hudud va 212 ta aholi punkti nazoratga olinganini ma’lum qildi. Bu bayonot rus armiyasi harakat sur’ati ilgarigidan pastlagani haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi.
Shu bilan birga, ukrainalik tahlilchilarning Deep State OSINT-loyihasi ham so‘nggi oylardagi hududiy o‘zgarishlarni qayd etar ekan, ularni urush davomidagi umumiy manzaraga nisbatan «minimal» deb baholadi. Loyiha hisob-kitobiga ko‘ra, 2022-yil 12-noyabrdan 2025-yil 17-avgustgacha rus qo‘shinlari jami 5 842 km² hududni qo‘shimcha egallagan — bu Ukraina maydonining taxminan 0,97 foiziga to‘g‘ri keladi.
Putin tilga olgan 4 900 km² ko‘lami raqamlarda salmoqli ko‘rinsa-da, uni qiyos qiladigan bo‘lsak, Donesk (26 517 km²) va Lugansk (27 183 km²) viloyatlari maydonidan bir necha barobar kichik. Shuning ustiga, OAV xabariga ko‘ra, avgust oyida Kreml Kiyevdan Ukraina Qurolli kuchlarini nazoratdagi Donbass hududidan chiqarishni tinchlik muzokaralari uchun shart sifatida qo‘ygan edi.
Donesk viloyatining o‘zida 2025-yil avgust oyi oxirida Ukraina armiyasi hududning taxminan 30 foizini — salkam 8 ming km²ni saqlab turgan. Demak, birgina shu viloyat bo‘yicha ham Moskva «jangsiz qaytarish»ni talab qilayotgan maydon, Putin sanagan yil boshidan buyongi rus armiyasi yutug‘idan ko‘proq ekani ko‘rinib turibdi.
Xulosa o‘rnida: Kreml frontdagi real vaziyatni raqamlar orqali tan olyapti, Kiyev tomoni esa ushbu raqamlarni urushning umumiy trayektoriyasida katta burilish sifatida ko‘rmayapti. Shartli «katta hududiy talablar» esa muzokaralar sahnasida siyosiy bosim vositasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Muzokaralar davom etishi kutilgan bir paytda, har ikki tomonning raqamlari va ritorikasi qo‘ldan bermaslikka qaratilganini anglash qiyin emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar