date

AQSHdagi harbiy zavodda kuchli portlash: 18 kishi bedarak...

AQSHdagi harbiy zavodda kuchli portlash: 18 kishi bedarak...

10 oktabr, juma kuni AQShning Tennessi shtatida joylashgan Accurate Energetic Systems (AES) korxonasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Mahalliy ma’muriyatning ma’lumot berishicha, hodisa natijasida kamida to‘rt kishi kasalxonaga yotqizilgan, yana 18 nafar ishchi bilan aloqa uzilgan.

Hamfri okrugi sherifi Kris Devis jurnalistlar bilan suhbatda aytishicha, portlashda “bir necha kishi halok bo‘lgan”, ammo aniq soni hali rasmiy e’lon qilinmagan. Fox News esa o‘z manbalariga tayanib, “bir nechta qurbonlar” borligini xabar qildi.

Portlash sodir bo‘lgan zavod Nashvill shahridan taxminan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Hodisa joyiga favqulodda xizmatlar, qutqaruvchilar hamda mina yo‘qotish bo‘yicha mutaxassislar jalb etilgan. Sherif Devisning aytishicha, hali ham ikkinchi portlash ehtimoli bor va tergov ishlari bir necha kun davom etishi mumkin.
“Biz bu yerda uzoq bo‘lamiz, vaziyatni to‘liq nazoratga olishimiz kerak,” — dedi u jurnalistlarga.

Hozircha portlash sababi aniqlanmagan. Ammo rasmiylar Accurate Energetic Systems zavodi mudofaa sohasi uchun portlovchi moddalar ishlab chiqarishga ixtisoslashganini ma’lum qilishgan.

1980 yilda tashkil etilgan bu kompaniya harbiy va tijorat maqsadlarida qo‘llanadigan turli moddalarni ishlab chiqaradi. The Washington Post nashri yozishicha, AES uzoq yillar davomida AQSh armiyasiga poroh, dinamit, piyodalarga qarshi minalar va yirik kalibrli snaryadlar uchun komponentlar yetkazib berib kelgan.

Bu zavoddagi ilk fojia emas. 2014 yilda ham shunday portlash yuz bergan, o‘shanda bir kishi halok bo‘lib, uch kishi jarohat olgan edi.

Hozirda hodisa joyi o‘rab olingan, tergov va texnik tekshiruv ishlari davom etmoqda. AQSh rasmiylari fuqarolarni vaziyat barqarorlashgunigacha hududdan uzoqroqda bo‘lishga chaqirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHdagi harbiy zavodda kuchli portlash: 18 kishi bedarak...