Filippinda 10 oktyabr kuni sodir bo‘lgan 7,4 va 6,7 magnitudali ikki kuchli zilzila oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Bu haqda Filippin Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va boshqarish milliy kengashi (NDRRMC) ma’lumot berdi. Rasmiy hisobotga ko‘ra, tabiiy ofatdan 8436 nafar fuqaro jabr ko‘rgan, shulardan 1265 kishi xavfsiz joylarga evakuatsiya qilingan, yana 7915 kishi uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Fuqarolik mudofaasi agentligi bayonotida ta’kidlanishicha, zilzila oqibatida 7 kishi halok bo‘lgan, yana 11 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.
Kuchli yer silkinishlari Mindanao orolining janubiy qirg‘oq hududlarida qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 30 sentyabr kuni ham mamlakatning Palompon g‘arbiy sohilida 6,9 magnitudali zilzila yuz bergan bo‘lib, o‘sha falokatda 70 dan ziyod inson halok bo‘lgan edi.
Filippin dunyodagi eng seysmik faol davlatlardan biri sanaladi. Mamlakat Tinch okeanidagi “Olov halqasi” mintaqasida joylashgan bo‘lib, u yuqori darajadagi vulqon va zilzila faolligi bilan mashhur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!