Urushdan keyin G‘azo sektorida boshqaruv tizimi butunlay yangilanmoqda. Times of Israel xabar berishicha, Misr tashqi ishlar vaziri Badr Abdul’attiy ma’lum qilganidek, mintaqa ma’muriyatini endi 15 nafar falastinlik texnokratlardan iborat maxsus guruh yuritadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nomzodlar allaqachon tanlab olingan va Isroil tomonidan tekshiruvdan o‘tgan.
Vazir ta’kidlaganidek, “ma’muriy qo‘mita” deb atalgan ushbu guruh G‘azo aholisining kundalik hayotini barqarorlashtirish, infratuzilmani tiklash va fuqarolik tizimini qayta yo‘lga qo‘yish bilan shug‘ullanadi. “Biz ularni aholi turmushini ta’minlashga yo‘naltiramiz, ‘Tinchlik kengashi’ esa G‘azoni tiklash uchun ajratiladigan xalqaro mablag‘larni nazorat qiladi va boshqarib boradi,” — dedi Abdul’attiy Associated Press agentligiga.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi qo‘mita falastinlik barcha siyosiy fraksiyalar, jumladan, HAMAS tomonidan ham ma’qullangan. Misr tomonining ta’kidlashicha, bu kelishuv “o‘tish davri”da siyosiy ziddiyatlarni yumshatish va aholi hayotini barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Abdul’attiy shuningdek, HAMAS Trampning “tinchlik rejasi”ni qo‘llab-quvvatlayotganini, biroq o‘tish jarayonida siyosiy rol o‘ynamasligini bildirdi. Isroil esa tinch aholi xavfsizligini ta’minlash va gumanitar yordam oqimini kafolatlash asosida G‘azodan qo‘shinlarni chiqarishni boshlashi lozim.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq G‘azo sektorini tiklash uchun “Tinchlik kengashi” tuzish tashabbusini ilgari surgan edi. Uning rejasiga ko‘ra, kengashga shaxsan Trampning o‘zi rahbarlik qiladi va u tiklanish jarayonlarini moliyaviy hamda tashkiliy jihatdan muvofiqlashtiradi.
10 oktabr kuni Isroil hukumati HAMAS bilan otishuvni to‘xtatish va garovda bo‘lganlarni ozod etish to‘g‘risidagi kelishuvni tasdiqladi. Bu Tramp ma’muriyati taklif etgan “tinchlik rejasi”ning ilk bosqichi bo‘ldi. Erishilgan kelishuvga ko‘ra, Isroil armiyasi anklaq hududining 53 foizini nazoratda saqlagan holda yangi pozitsiyalarga chekindi. 13 oktabr kuni garovda bo‘lgan oxirgi 20 nafar falastinlik ozod etildi.
Texnokratlar — siyosatni emas, amaliyotni ustun qo‘yuvchi mutaxassislar bo‘lib, ularning asosiy vazifasi — siyosiy tortishuvlarsiz, bilim va tajriba asosida boshqaruv samaradorligini oshirishdir. Yangi tuzilma aynan shunday mutaxassislarga suyanib, G‘azoning tinch va barqaror kelajagini qurishga intilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!