date

Madagaskarda harbiy to‘ntarish: prezident qochdi, hokimiyat armiya qo‘lida

Madagaskarda harbiy to‘ntarish: prezident qochdi, hokimiyat armiya qo‘lida

Madagaskarda uch haftadan ortiq davom etgan ommaviy norozilik namoyishlari mamlakatda siyosiy to‘ntarish bilan yakunlandi. Prezident Andri Radzuelina mamlakatni tark etdi, hokimiyat esa armiya qo‘liga o‘tdi.

14 oktabr kuni CAPSAT elita harbiy bo‘linmasi rahbari, polkovnik Maykl Randrianirina televidenie orqali chiqish qilib, “Biz hokimiyatni qo‘lga oldik”, — deb e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar senat, konstitutsiyaviy sud va saylov komissiyasi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan.

Shu bilan birga, parlamentning quyi palatasi — Milliy majlis hozircha o‘z ishini davom ettirmoqda. Eng qizig‘i, harbiylar bayonotidan bir necha daqiqa oldin deputatlar Radzuelinni impichment orqali lavozimidan ozod etish uchun ovoz bergan edi. Ammo bu qarorning qonuniyligi shubha ostida, chunki prezident o‘sha paytda parlamentni tarqatib yuborish haqida farmon chiqargandi.

Radzuelinning o‘zi mamlakatni dushanba kuni tark etgan. U o‘z murojaatida “hayoti xavf ostida ekanini” aytdi va “Madagaskarning yo‘q bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini” ta’kidladi. Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning roziligi bilan fransuz harbiy samolyotida mamlakatdan olib chiqilgan.

Fransiya — Madagaskarning sobiq mustamlakasi bo‘lib, 1960 yilda orol mustaqillikka erishgan. Makron Madagaskardagi voqealar yuzasidan izoh berib, “Fransiya yoshlarning noroziligini tushunadi, ammo harbiylar bu holatdan siyosiy maqsadlarda foydalanmasligi lozim,” — dedi. Parij hozircha voqealarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish niyatida emasligini bildirdi.

Madagaskarda norozilik namoyishlari 25 sentyabrda boshlangan. Dastlab odamlar uzoq vaqt davom etgan elektr energiyasi va suv tanqisligidan norozi bo‘lgan, ammo keyin talablar siyosiy tus olib, hukumat va prezidentning iste’fosini talab qilishga aylangan.

Prezident avvalroq hukumatni iste’foga chiqargan va namoyishchilar bilan muloqotga tayyorligini aytgandi. Shuningdek, u poytaxt Antananarivudagi uzilishlar bir oy ichida barham topmasa, lavozimini ixtiyoriy tark etishga va’da bergan. Biroq bu qadamlar ham tinchlikka olib kelmadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishlarni kuch bilan tarqatish jarayonida 22 kishi halok bo‘lgan, rasmiy ma’lumotda esa 12 nafar namoyishchi o‘limi tasdiqlangan.

Vaziyat keskinlashishiga CAPSAT elita bo‘linmasi ham namoyishchilar tarafini olishi sabab bo‘ldi. Ular hukumat buyruqlarini bajarishdan bosh tortib, boshqa harbiy tuzilmalarni ham shunday qilishga chaqirdi. Ta’kidlash joiz, aynan shu CAPSAT bo‘linmasi 2008 yilda ham Andri Radzuelinni hokimiyatga keltirgan edi.

Madagaskar bugun dunyodagi eng qashshoq davlatlardan biri sanaladi. Aholining to‘rtdan uch qismi qashshoqlik chegarasidan past sharoitda yashaydi, o‘rtacha yillik daromad esa 600 dollardan oshmaydi.

Xalqaro tahlilchilarning fikricha, Madagaskardagi voqealar yaqinda Nepal, Marokash va Indoneziyada bo‘lib o‘tgan yoshlar boshchiligidagi “Z avlod namoyishlari”dan ilhomlangan. Bu harakatlar ijtimoiy tarmoqlardagi cheklovlar va ishsizlik kabi omillar sabab paydo bo‘lgan bo‘lib, ularning asosiy shiori — “Adolat va imkoniyatlar tengligi.”

Madagaskarda esa bu noroziliklar nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy islohotlarga ham ehtiyoj kuchayganini ko‘rsatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Madagaskarda harbiy to‘ntarish: prezident qochdi, hokimiyat armiya qo‘lida