
Kaliforniya va Utrext universitetlari olimlari shimpanzelarda insonga xos mantiqiy fikrlash qobiliyati borligini isbotladi. Tadqiqot natijalari “Science” jurnalida chop etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tajriba Ugandadagi Ngamba Island Chimpanzee Sanctuary qo‘riqxonasida o‘tkazilgan. Shimpanzelarga ikkita quti ko‘rsatilib, ulardan biriga oziq-ovqat yashirilgan. Avvaliga maymunlarga qaysi qutida yegulik borligini bildiruvchi ishora berilgan. Keyinroq esa ularga boshqa, yanada ishonchliroq ishora ko‘rsatilgan bo‘lib, u boshqa qutini anglatgan.
Natijada shimpanzelar kuchliroq dalillar paydo bo‘lganda o‘z tanlovini o‘zgartirgan. Tadqiqotchi Emili Senford ta’kidlaganidek, “bunday moslashuvchan fikrlash odatda to‘rt yoshli bolalarda kuzatiladi. Shimpanzelarda ham bu qobiliyatni ko‘rish haqiqatan hayratlanarli”.
Olimlar bu xatti-harakat instinkt natijasi emas, balki mantiqiy tafakkur mahsuli ekanligini isbotlash uchun qat’iy nazorat ostidagi tajribalar va kompyuter modellashtirish usullaridan foydalanishdi. Natijada shimpanzelarning qaror qabul qilish jarayoni dalillarga asoslanganligini ko‘rsatdi.
Bu kashfiyot “faqat insonlargina ratsional fikrlay oladi” degan an’anaviy qarashni rad etdi. Olimlar fikricha, shimpanzelarning fikrni qayta ko‘rib chiqish qobiliyatini o‘rganish bolalar rivojlanishi, neyropsixologiya va sun’iy intellekt sohalarida yangi ilmiy yo‘nalishlarga turtki berishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! 
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
  
 