date

Misrda insoniyat tarixidagi eng yirik muzey ochildi

Misrda insoniyat tarixidagi eng yirik muzey ochildi

Qohira shahrida 20-yillik intizorlik va bir necha bor kechiktirilgan loyihaning nihoyasiga yetishi — qiymati 1 milliard dollarga teng “Buyuk Misr muzeyi” (Grand Egyptian Museum) o‘z eshiklarini omma uchun ochdi.

Bu inshoot dunyodagi eng katta qadimiy sivilizatsiya muzeyi sifatida tarixga kirdi. Unda 50 mingdan ziyod nodir eksponatlar joy olgan, jumladan, fir’avn Tutanxamon maqbarasida topilgan barcha boyliklar ilk bor to‘liq ko‘rgazmaga qo‘yildi.

Prezident Abdul Fattoh as-Sisi ochilish marosimida buni “insoniyat madaniyati tarixidagi betakror voqea” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, mazkur muzeyda qadimgi misrliklar dahosi bilan zamonaviy avlod ijodkorligi uyg‘unlashgan.

Yangi muzey yiliga 5 millionga yaqin sayyohni qabul qilishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich uni dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan madaniy markazlardan biriga aylantirishi mumkin. Solishtirish uchun, Fransiyaning mashhur Luvr muzeyiga 2024-yilda 8,7 million kishi tashrif buyurgan edi.

Piramidalar yonida qad rostlagan ushbu zamonaviy arxitektura mo‘jizasi uchburchak shakli bilan ajralib turadi. Binoning ichki qismida olti qavatli zinapoya qadimgi haykallar bilan bezatilgan. Muzey tarkibida katta konferensiya zali, zamonaviy kutubxona, bolalar muzeyi, dam olish hududlari va restoranlar ham faoliyat yuritadi.

Biroq ayrim mashhur eksponatlar hali ko‘rgazmaga qo‘yilmagan — Rozetta toshi hozircha London Britaniya muzeyida, Nefertiti haykali esa Berlindagi Neues muzeyida saqlanmoqda. Misrliklar bu artefaktlarni vatanga qaytarish masalasini yana ko‘tarmoqda.

Loyiha 2005-yilda boshlangan bo‘lib, siyosiy beqarorlik va pandemiya sabab bir necha bor to‘xtab qolgan. Muzey 2024-yil oktyabrida qisman ishga tushgan, ammo Isroil va Eron o‘rtasidagi urush tufayli tantanali ochilish marosimi keyinga qoldirilgan edi.

Endi esa “Buyuk Misr muzeyi” 4-noyabrdan boshlab har kuni soat 9:00 dan 18:00 gacha faoliyat yuritadi. Kattalar uchun kirish chiptasi 1 450 misr funti, ya’ni taxminan 27 yevroga teng etib belgilangan.

Misr hukumati bu muzeyni nafaqat milliy iftixor, balki mamlakat iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shadigan turizm markazi sifatida ko‘rmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Misrda insoniyat tarixidagi eng yirik muzey ochildi