
Afg‘onistonning shimoliy To‘xor viloyatida joylashgan qadimiy Ay Xonim shahri hududida Xitoy kompaniyalari va “Tolibon” hukumati hamkorligida oltin qazib olish ishlari boshlangan. Bu haqda mahalliy manbalar xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, qazish ishlari Dashti Qal’a tumanida, Qizil daryo bo‘yida joylashgan arxeologik hudud yaqinida olib borilmoqda. Hudud qadimdan Yunon-Baqtriya davlati markazlaridan biri sifatida tarixiy va madaniy ahamiyatga ega.
Mutaxassislar qazish ishlari qadimiy yodgorliklarga jiddiy zarar yetkazishi mumkinligidan tashvish bildirmoqda. Ularning fikricha, bu hudud nafaqat Afg‘oniston, balki butun mintaqaning tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Ay Xonim shahri miloddan avvalgi III asrda bunyod etilgan bo‘lib, qadimiy Yunon-Baqtriya davrining madaniy va iqtisodiy markazlaridan biri sanaladi. Olimlar bu joyda o‘tkazilgan avvalgi qazishmalar davomida qadimiy teatr, ibodatxonalar, yozuvlar va turli artefaktlarni topgan.
Shunga qaramay, “Tolibon” hukumati tabiiy resurslardan foydalanish orqali iqtisodiyotni tiklash va davlat byudjetini to‘ldirishni asosiy maqsad sifatida belgilagan. Ular oltin, neft, litiy va boshqa qazilma boyliklarga katta e’tibor qaratmoqda.
Xitoy esa so‘nggi yillarda Afg‘onistondagi foydali qazilmalar sohasiga faol kirib kelmoqda. Mutaxassislarning fikricha, bu hamkorlik Pekinning mintaqadagi geoiqtisodiy ta’sirini yanada kuchaytirishi mumkin.
Ammo tarixshunoslar va arxeologlar bu jarayonning madaniy merosga salbiy ta’siri haqida ogohlantirmoqda. Ularning fikricha, oltin izlash nomi ostida o‘nlab asrlik tarix izlari butunlay yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!