
Qirg‘izistonda to‘y-tomoshalar va ko‘ngilochar maskanlar faoliyatiga oid qoidalar yana bir bor kun tartibiga chiqdi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev sukunat haqidagi qonun va hukumat qaroriga qat’iy amal qilinishi shartligini keskin ta’kidladi. Mazkur hujjatga muvofiq, to‘ylar, bayram tadbirlari, shuningdek, kafe, restoran va tungi klublar faoliyati soat 22:00 dan kechiktirmay tugatilishi lozim.
Tashiyevning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasi tomonidan rasman qabul qilingan qarorga qaramay, joylarda unga rioya etish darajasi past. U o‘z so‘zida ayrim misollarni keltirib, masalan, Bishkek shahrida yaqinda o‘tkazilgan to‘y yarim tungacha davom etganini va hech kim tomonidan chora ko‘rilmaganini qayd etdi. Jalolobodda ham shunga o‘xshash holat kuzatilib, tadbir soat 00:00 gacha cho‘zilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun ijrosini nazorat qilish mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining bevosita vazifasi hisoblanadi. Shunga qaramay, ko‘plab hokimiyat rahbarlari topshiriqni bajarmayotgani ta’kidlandi.
“Mahalliy rahbarlar, sizlar yozma tarzda berilgan ko‘rsatmani bajarmayapsiz. Shu bois endi rasman topshiriq beraman: 22:00 dan keyin barcha joylarda to‘ylar, bayramlar, kafe, restoran va tungi klublar faoliyati to‘xtatilishi shart. Agar kimdir qoidani buzsa — elektr ta’minotini o‘chiring”, — dedi Tashiyev.
U, shuningdek, restoran va ovqatlanish joylarida soat 22:00 dan keyin har qanday holatda elektr energiyasi uzilishi kerakligini alohida urg‘uladi.
Tashiyevning bu chiqishi Qirg‘izistonda jamoat tartibi, tinchlik va fuqarolar dam olish huquqini ta’minlash maqsadida qabul qilingan choralarni yanada kuchaytirishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.