21:10 / 17.01.2017
5 334

AQSh prezidenti Obamaning Gulenga ko‘rsatgan iltifoti

AQSh prezidenti Obamaning Gulenga ko‘rsatgan iltifoti

Turkiya matbuotining yozishicha, qochoq gulenchilar yashirinayotgan Shimoliy-Amerika universiteti Fatxulla Gulenning FETÖ terrorchi tashkiloti tuzilmalari bazasiga aylangan. Mazkur universitetda Xaqan Shukur (Hakan Şükür, turk futbolchisi, 2016 yilning avgustida Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinishiga aloqadorlikda ayblangan) va rektor Tekalan (Tekalan Turkiyadagi Fatix universiteti sobiq rektori)kabi qochoqlar ishlaydi, deb ma’lum qiladi "Sharh.uz" sayti.

Mazkur oliy o‘quv yurtiga eng katta qo‘llov Barak Obama ma’muriyati tomonidan ko‘rsatilar ekan. Shimoliy-Amerika universitetiga Obamaga yaqin kishilari, jumladan, vise-prezident Jo Baydenning turmush o‘rtog‘i ham ahyon-ahyonda kelib turishadi. FETÖ a’zosi, AQShda qo‘nim topgan Sherif Ali Tekalan (Şerif Ali Tekalan) Shimoliy-Amerika universitetining rektori etib tayinlangan.

Xo‘sh, mazkur universitet kimga tegishli va Amerika rahbariyatida u kimlar bilan hamkorlik qiladi. Xususiy maktablari bilan birga FETÖning AQShda universitetlari ham mavjud. AQShda mazkur tashkilotning uchta universiteti ishlab turibdi. Ulardan biri — Virjiniya shtatidagi Ferfaks xalqaro universtiteti. Yana biri — Illinoysdagi Amerika kolleji. Uchinchisi — boya aytganimiz, Xyustondagi Shimoliy-Amerika universiteti.

Shimoliy-Amerika universitetidan nafaqat Tekalan, balki FETÖning quvg‘indagi boshqa a’zolari ham panoh topishgan. Ishga kirib olgan yana bir mashhur futbolchi Xakan Shukur o‘tgan yilning aprelida mazkur oliy o‘quv yurtining ayrim tadbirlarida qatnashgan. Ma’ruza o‘qish qatori talabalar bilan birga futbol o‘yini o‘tkazdi. 2016 yilning noyabridan universitetda mashg‘ulot olib borishni boshladi.

FETÖning AQShdagi universiteti Oq Uyning hozirgi ma’muriyatiga juda yaqin deb ko‘riladi. Turkiyadagi 15 iyul davlat to‘ntarishiga urinishdan ikki hafta o‘tib, Jozef Baydenning rafiqasi Jill Bayden (Jill Biden) mazkur oliy ta’lim dargohida talabalar oldida ma’ruza qildi. Shimoliy-Amerika universitetining Obama ma’muriyati tomonidan qo‘llovi bu bilan cheklanmaydi. Masalan, universitetga tashrif buyuruvchilar orasida — AQSh davlat kotibi Jon Kerrining komandasidan Mara Tekach (Mara Tekach) ni yoki demokrat kongressmen Jekson Li (Jackson Lee) ni kuzatish mumkin. Nafaqat demokratlar, respublikachi senatorlar ham universitetni qo‘llab-quvvatlashmoqda. Vakillar palatasining respublikachilar namoyondasi bo‘lmish El Grin ham ko‘pincha universitetga borib turadi. Tekelan etakchiligidagi Shimoliy-Amerika universiteti va unga yaqin amerikalik senator va kongressmenlarni birlashtirib turgan omil bu ularning Turkiyaga, ayniqsa, prezident Erdag‘onga nisbatan munosabatidagi o‘xshashlikdir.

Turk matbuotining yozishicha, mazkur shaxslarning aksariyatini FETÖ tarmog‘i o‘tgan yillar davomida pora bilan ta’minlab turgan, saylovoldi kampaniyasiga homiylik qilgan va Turkiyaga bepul taklifnomalarni tayyorlab bergan. Bundan tashqari, Shimoliy-Amerika universiteti va FETÖning boshqa tashkilotlari bilan aloqador senatorlar AQSh Davlat kotibi Jon Kerriga Erdag‘on sha’niga tanqid bitilgan maktub ham jo‘natishgan. Mana bunga aniq misol: mazkur maktubni oliy ta’lim muassasasi nomidan universitetning birinchi rektori Rejai Pechen qo‘llab-quvvatlagan va 2015 yilning 28 martida buni Twitterda boshqalar bilan o‘rtoqlashgan.

Obama ma’muriyati Shimoliy-Amerika universitetiga ko‘mak ko‘rsatayotganining yana bir dalili mukofotlardir. 25 sentyabr kuni prezident ma’muriyati nomidan FETÖ universiteti to‘rtta turli toifalarda mukofotlandi.

Eng yomoni Shimoliy-Amerika universitetining o‘z bag‘rida FETÖning qochoq a’zolarini saqlayotganida. 15 iyul hodisalaridan keyin universitet Turkiyani tark etayotgan kimsalar uchun stipendiyalar ajratish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Ya’ni Turkiyadan AQShga qochganlar mazkur universitetdan besh ming dollar olishi mumkin. Universitetning birinchi rektori Rejai Pechen yana bir xususiyati bilan ajralib turadi. U o‘tgan yili Turkiyada terrrorchi tashkilot deb ko‘riladigan Kurd ishchi partiyasini qo‘llab-quvvatlovchi deklarasiyani imzolagan olimlardan biri.

Turkiyadagi 15 iyul qonli davlat to‘natirishiga urinishdan to‘rt kun o‘tib, 19 iyulda rasmiy Anqara FETÖ rahbarini topshirishni so‘rab AQShga rasmiy so‘rov yubordi. Biroq Vashington ma’muriyati taqdim etilgan ko‘plab hujjatlarga qaramay, ekstradisiya jarayonini boshlamadi. Ekstradisiya va qamoqqa olish bilan bog‘liq materiallar olti oy mobaynida sudga topshirilmagani ayon bo‘ldi. Oldin odil sudni ro‘kach qilgan AQSh ma’muriyati hozir yangi prezident Donald Trampni bahona qilishga o‘tgan. Oq uy matbuot xizmati rahbari Josh Ernestning aytishicha, 20 yanvargacha ekstradisiya jarayonlari bilan bog‘liq qandaydir voqealar yuz berishi kutilmaydi.

Abduvali Saybnazarov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSh prezidenti Obamaning Gulenga ko‘rsatgan iltifoti