
Ispaniyada yetkazib berish xizmatida ishlovchi ayol ishga belgilangan vaqtdan oldin kelgani uchun mehnat shartnomasidan mahrum etildi. Garchi bu tartib va mas’uliyatdek ko‘rinsa-da, kompaniya bunday amalni ichki nizomga zid deb baholagan.
Ayolning shartnomasida ish 07:30 da boshlanishi qat’iy belgilangan edi. Biroq u muntazam ravishda 06:45–07:00 oralig‘ida kelib, o‘z smenasini oldin boshlagan. Rahbariyat bu odat navbatchilik tartibiga aralashishi, ish jarayonidagi muvozanatni buzishi va jamoa ichida noqulaylik yuzaga keltirishi mumkinligini bir necha bor tushuntirgan.
2023 yilda rasmiy ogohlantirish berilganiga qaramay, xodim erta kelishni davom ettirgan. Kompaniya buni intizomga bo‘ysunmaslik sifatida baholab, ayolni ishdan bo‘shatishga qaror qilgan.
Kompaniya izohida ta’kidlanishicha, uning erta kelishi ish jarayoniga foyda bermagan, aksincha vazifalar taqsimotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Ayol bu qarordan norozi holda Alikante ijtimoiy sudiga murojaat qildi. Biroq sud ish beruvchi tomonini qo‘llab-quvvatladi va xodim takroriy ogohlantirishlarga qaramay o‘z xatti-harakatini to‘xtatmaganini qayd etdi.
Ispaniyada mehnat intizomi va ish vaqti rejimi qattiq nazorat qilinadi. Shu bois, hatto ijobiy ko‘rinadigan “erta kelish” ham qonunchilik nuqtayi nazaridan intizom buzilishi sifatida baholanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.