
AQSH prezidenti Donald Trampning Ukrainada prezidentlik saylovlarini o‘tkazish vaqti kelgani haqidagi bayonoti Kiyevda jiddiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mazkur chaqiriqqa javoban Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy axborot vositalari bilan muloqot qilar ekan, belgilangan shartlar bajarilsa, u yaqin oylar ichida saylov o‘tkazishga tayyor ekanini bildirdi.
Zelenskiy ta’kidlashicha, saylovlarni faqat xavfsizlik to‘liq kafolatlangan holda o‘tkazish mumkin. U ovoz berish jarayoni xalq yig‘ilgan joylarda xavfsiz muhitni ta’minlash uchun AQSH va Yevropa davlatlaridan amaliy yordam so‘radi. Prezidentning fikricha, agar zarur choralar ko‘rilsa, 60–90 kun ichida saylov tashkil etish texnik jihatdan ham mumkin.
Shu bilan birga, Zelenskiyning ikkinchi talabi ham katta ahamiyatga ega: harbiy holat sharoitida saylov o‘tkazishning huquqiy asosi yaratilishi kerak. U bu borada zarur qonunlarga o‘zgartirish kiritish masalasini Oliy radaning deputatlariga taqdim etganini ma’lum qildi. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, Ukrainada harbiy holat davomida saylovlar o‘tkazish taqiqlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Tramp bir kun avval Ukrainada “allaqachon yangi saylov o‘tkazish vaqti kelgan”ini aytgan va Kiyev rahbariyatini urushni bahona qilib, jarayonni kechiktirayotganlikda ayblagandi. Uning fikriga ko‘ra, ukrain xalqi tanlovga ega bo‘lishi shart va ehtimoliy natijada Zelenskiy yana g‘alaba qozonishi ham mumkin. AQSH rahbarining tinchlik rejasida ham urush tugagach saylov o‘tkazish bandi qayd etilgan edi.
Rossiyaning to‘liq ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri Ukrainada harbiy holat amal qilmoqda va aynan shu sabab 2024 yilda belgilangan prezidentlik saylovlari noma’lum muhlatga surilgan. Moskva tomoni bu holatdan Zelenskiyni “nolegitim” deb ko‘rsatish uchun bir necha bor foydalangan.
Trampning Oq uyga qaytishi ortidan saylov masalasi yana avj oldi. Ayrimlar bunday saylovlarni o‘tkazishni talab qilsa, Kiyev bu borada ehtiyotkor pozitsiyada qolmoqda — chunki frontda vaziyat og‘ir, xavfsizlik esa ta’minlanmagan. Shu bilan birga, Oliy radaning 2025 yilda saylovlarga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi xabarlar ham rasman inkor etilgan.
Zelenskiyning bayonotidan ko‘rinadiki, Ukraina rahbariyati demokratik jarayonni to‘xtatib qo‘yish niyatida emas, ammo buni amalga oshirish uchun xalqaro kafolatlar va huquqiy asoslar zarur.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.