
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 9-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatida Kiyev haqiqiy va barqaror tinchlikdan manfaatdor ekanini yana bir bor ta’kidladi. Unga ko‘ra, urushni to‘xtatish va uning qayta avj olishining oldini olish uchun asosiy omil — Rossiya rahbariyatining jarayonga tayyorligi va amaliy qadamlar qo‘yish-qo‘ymasligiga bog‘liq.
Zelenskiy ma’lum qilishicha, Ukraina tomoni «qayta ishlangan hujjatlar»ni yaqin vaqt ichida Vashingtonga yuborishga tayyorlanmoqda. U Mayamidan qaytgan Ukraina delegatsiyasi bilan uch kunlik muzokaralar natijalarini muhokama qilganini aytdi. Delegatsiya doirasida Londonda Yevropa hamkorlarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari darajasida kengaytirilgan formatda muloqotlar o‘tkazilgan.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Yevropa komponentlari yanada puxta shakllantirilib, endi amerikalik hamkorlarga taqdim etishga tayyor holatga kelgan. Zelenskiy amerikaliklar bilan birgalikda tinchlikka erishish bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan qadamlarni tez va samarali tarzda amalga oshirishga umid bildirdi.
Zelenskiyning aytishicha, AQSHning avval 28 banddan iborat bo‘lgan tinchlik takliflari Ukraina bilan maslahatlashuvlar natijasida 20 bandga qisqartirilgan. Uning ta’kidlashicha, ziddiyatli va o‘zaro to‘qnash keladigan jihatlar chiqarib tashlangan, biroq hududlarga oid masalalarda hali ham murosa topilmagan.
Ukraina rahbari yana bir muhim jihatga to‘xtaldi: Kiyev o‘z hududlarini na konstitutsiya, na xalqaro huquq nuqtayi nazaridan topshirishga haqli emas. Zelenskiy Rossiyaning hududlarni talab qilishda qat’iy turganini, Ukraina esa mutlaqo bunday bosimga rozi emasligini qayd etdi.
U xavfsizlik kafolatlari haqida gapirar ekan, AQSH tomonidan beriladigan rasmiy va Kongress tomonidan tasdiqlanadigan kafolatlar eng ishonchli tayanch bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. «Bu Budapesht memorandumi kabi bo‘sh va’dalar emas, balki huquqiy kuchga ega hujjat bo‘lishi zarur», — dedi Zelenskiy.
Ukraina tomoni tinchlik rejasi ustidagi ishni 9-dekabr kuni yakuniga yetkazmoqda va hujjat tayyor bo‘lishi bilan Vashingtonga taqdim etiladi. Prezident bu jarayonni shaxsan nazorat qilayotganini bildirdi.
4–6-dekabr kunlari Ukraina delegatsiyasi — Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov va Bosh shtab rahbari Andrey Gnatov bilan birga — Mayamida AQSH vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Amerika tomonidan AQSH prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff hamda Oq uy rahbarining kuyovi Jared Kushner ishtirok etdi. Uchinchi kuni Zelenskiy ham muzokaralarga qo‘shilib, uzoq va mazmunli telefon suhbatini amalga oshirgani ma’lum qilindi.
Ukrainada tinchlik yo‘li bo‘yicha munozaralar izchil davom etayotgan bir paytda, Kiyev va Vashington o‘rtasidagi yaqin muloqot jarayonning asosiy dastagiga aylanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.