
Olimlar AQSHning Nyu-York shtatida mutlaqo noma’lum bo‘lgan qadimiy dengiz mavjudotining ajoyib darajada “oltin tusli” qoldiqlarini topdi. Tadqiqotchilar bu yangi organizmni Lomankus edgecombei deb atashdi. Aytishlaricha, ushbu jonivorlar Yer sayyorasida 450 million yildan ham avval umr kechirgan.
Qizig‘i shundaki, ko‘plab paleontologik topilmalar bosim va vaqt ta’sirida o‘z shaklini yo‘qotsa, bu namunalar deyarli o‘z anatomiyasini yo‘qotmagan. Millionlab yillar davomida ularning juda mayda tana qismlari metall — pirit bilan asta-sekin almashgan. Natijada hayvonning tashqi tuzilishi deyarli ideal holda saqlanib qolgan.
Oksford universiteti paleobiologi Lyuk Perri tushuntirishicha, pirit odatda kislorodsiz muhitda faollashadigan bakteriyalar sabab paydo bo‘ladi. Ushbu bakteriyalar organik moddalarni parchalagach, ajralib chiqqan gaz temir bilan reaksiyaga kirishib, sulfidni hosil qiladi.
Tadqiqot natijasida olimlar halokatga uchragan bo‘g‘imoyoqlilar davrida yashagan mavjudotlarning o‘ta aniq, uch o‘lchovli anatomik majmuasiga ega bo‘ldi. Bu esa evolyutsiya jarayonida qo‘shimcha oyoqlar qanday qilib mo‘ylov, qisqich yoki tishsimon organlarga aylangani haqidagi tasavvurni yanada ravshanlashtirishga yordam beradi.
Bu kabi topilmalar insoniyatning yer kurrasidagi hayot tarixi qay darajada sirli va keng qamrovli ekanini yana bir bor isbotlab turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.