
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donbass hududidan Ukraina qo‘shinlarining chiqib ketishi masalasiga aniq va qat’iy pozitsiya bildirdi. Davlat rahbariga ko‘ra, bunday qaror faqat bir tomonlama bo‘lmasligi, Rossiya ham xuddi shu qadamni tashlashi shart.
Ukraina rahbari ta’kidlashicha, demilitarizatsiya haqida gap ketganda, barcha harakatlar o‘zaro va teng asosda amalga oshirilishi lozim. Uning fikricha, agar Ukraina armiyasi muayyan masofaga orqaga chekinsa, Rossiya qo‘shinlari ham aynan shu masofada o‘z joylarini tark etishi kerak.
«Agar kimdir qo‘shinlarni olib chiqishni taklif qilsa, bu doim bir xil qoida asosida bo‘lishi shart. Biz 5 kilometr uzoqlashsak — ular ham 5 kilometrga chekinadi. Biz 10 kilometrga — ular ham 10 kilometrga. Faqat shundagina haqiqiy demilitarizatsiya hududi haqida gapirish mumkin», — deya izoh berdi Zelenskiy.
Shu bilan birga, u hozircha eng maqbul variant — tomonlar o‘z turgan nuqtalarini saqlab qolishi ekanini ham qayd etdi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu keskinlikni yanada kuchaytirmaslik uchun muhim omil hisoblanadi.
Avvalroq Zelenskiy Donbassning Kiyev nazoratida bo‘lgan qismidan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqish masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazish ehtimolini ham tilga olgan edi. Biroq Politico nashri bilan suhbatlashgan ukrain deputatlari parlament bunday tashabbusni qo‘llab-quvvatlamasligini ochiq bildirishgan.
O‘z navbatida, Kreml ham Donbass masalasi yuzasidan o‘z pozitsiyasini ma’lum qildi. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Rossiya qo‘shinlarini hududdan chiqarish varianti butunlay rad etilmagan.
Biroq u shuni ham qo‘shimcha qildi: hatto qo‘shinlar chiqarilgan taqdirda ham Rosgvardiya va huquq-tartibot organlari hududda qoladi. Ushakovga ko‘ra, o‘t ochish faqat Ukraina qo‘shinlari Donbassdan chiqib ketgandan keyingina to‘xtatiladi, hudud esa vaqt o‘tishi bilan to‘liq Rossiya nazoratiga o‘tishi kutilmoqda.
Shu tariqa, Donbass atrofidagi vaziyat hali-ham murakkabligicha qolmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi qarama-qarshi bayonotlar esa yaqin kelajakda tezkor kelishuvga erishish oson bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.