
Salvadorda mashhur va qonli jinoiy to‘da — Mara Salvatrucha (MS-13) a’zolariga nisbatan tarixiy darajada qattiq qamoq jazolari tayinlandi. Eng og‘ir hukm 1 335 yilni tashkil etdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruhning 248 nafar a’zosi 43 ta qotillik, 42 ta bedarak yo‘qolish holati hamda boshqa og‘ir jinoyatlarda aybdor deb topilib, “namunali jazo” olgan. MS-13 a’zolaridan biri 1 335 yilga qamalgan bo‘lsa, yana 10 nafar shaxs 463 yildan 958 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Sud qarorlari qachon chiqarilgani va jarayonlar ochiq o‘tkazilgani yoki yo‘qligi aniq aytilmagan.
2022 yil mart oyidan beri Nayib Bukele rahbarligida favqulodda holat rejimi joriy qilinib, jinoiy to‘dalarga qarshi keskin kurash boshlangan. Bu siyosat doirasida to‘da a’zolarini sud orderisiz hibsga olishga ruxsat berilgan. Shu paytga qadar 90 mingdan ortiq shaxs qo‘lga olingan, ulardan taxminan 8 ming nafari aybsiz deb topilib, ozod qilingan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Bukelening qat’iy siyosati mamlakatda qotilliklar sonini keskin kamaytirishga olib kelgan. Biroq xalqaro inson huquqlari tashkilotlari xavfsizlik kuchlari tomonidan qonunbuzarliklar va huquqlarning poymol etilishi holatlari kuzatilayotganini ta’kidlamoqda.
Salvador hukumati bildirishicha, MS-13 va Barrio-18 nomli ikkinchi yirik to‘da o‘ttiz yil davomida 200 mingga yaqin inson halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Bir paytlar bu ikki guruh mamlakat hududining taxminan 80 foizini nazorat qilgan va Salvador dunyodagi eng yuqori qotillik ko‘rsatkichlariga ega davlatlardan biri hisoblangan.
Bosh prokuratura ta’kidlashicha, to‘da a’zolari tadbirkorlardan “himoya” bahonasida pul talab qilib, rad javobi berilganda tahdid va zo‘ravonlikka qo‘l urgan. Ayrim biznes egalari qo‘rquv sabab faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.