
Yaponiyada yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, o‘nlab avtomobillar bir vaqtning o‘zida to‘qnashdi. Fojea oqibatida bir necha mashina yong‘inga o‘ralib, qutqaruv ishlari soatlab davom etgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa Gunma prefekturasi hududidan o‘tuvchi Kanetsu tezyurar avtomagistralida juma kuni taxminan soat 19:30 larda ro‘y bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ikki yuk mashinasining o‘zaro to‘qnashuvi zanjirli avariyaga sabab bo‘lib, oqibatda 57 ta transport vositasi yo‘lning turli qismlarida to‘xtab qolgan.
Kuchli to‘qnashuvlar natijasida 10 dan ortiq avtomobil yonib ketgan. Yong‘inni to‘liq bartaraf etish uchun o‘t o‘chiruvchi xizmatlariga qariyb 7,5 soat vaqt talab etilgan. Qutqaruvchilar yuqori harorat va portlash xavfi sharoitida ish olib borgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan. Ularning jasadlari yonib ketgan transport vositalaridan topilgan. Vafot etganlardan biri 77 yoshli ayol ekani tasdiqlandi. Shuningdek, 26 nafar inson turli darajada tan jarohati olgan bo‘lib, ularning besh nafari og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Tergov organlari fojeaning asosiy sababi sifatida noqulay ob-havo sharoitini ko‘rsatmoqda. Xususan, kuchli qor yog‘ishi va yo‘l qoplamasining o‘ta sirpanchiq holatga kelib qolgani haydovchilar uchun xavfli vaziyat yuzaga keltirgan.
Hozirda Kanetsu tezyurar yo‘li Yuzava va Sukiyono chorrahalari orasida har ikki yo‘nalishda ham yopiq holatda qolmoqda. Evakuatorlar shikastlangan transport vositalarini olib chiqishni boshlagan bo‘lsa-da, yo‘lni to‘liq tozalash va xavfsiz holatga keltirish uchun yana ma’lum vaqt talab etilishi aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.