
Qozog‘istonning Olmaota shahri yaqinidagi tog‘li hududda bedarak yo‘qolgan uch nafar sayyoh halok bo‘lgan holda topildi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 26 dekabrga o‘tar kechasi 112 xizmatiga murojaat kelib tushgan. Ayol kishi akasi va ikki do‘sti 24 dekabr kuni ertalab tog‘larga chiqib ketib, shu paytgacha qaytmaganini bildirgan. Ularning mobil aloqa vositalari 12 soatdan ortiq vaqt davomida o‘chiq bo‘lgan.
Xabardan so‘ng qidiruv-qutqaruv ishlari zudlik bilan boshlangan. Amaliyotga qutqaruvchilar, politsiya, Falokatlar tibbiyoti markazi mutaxassislari, kinologik guruhlar va ko‘ngillilar jalb etilgan. Shuningdek, dronlar va vertolyot yordamida havodan qidiruv ishlari olib borilgan.
Qidiruv natijasida “Lokomotiv” cho‘qqisi yaqinida, dengiz sathidan 3700 metr balandlikda jasad aniqlangan. Marhumlar havo transporti orqali pastga tushirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan. Sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Hodisadan so‘ng Qozog‘iston FVV fuqarolarni tog‘li hududlarga chiqishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirdi. Mutaxassislar ob-havo va qor ko‘chkisi xavfini oldindan tekshirish, yolg‘iz sayohat qilmaslik va yaqinlarga harakat rejasini ma’lum qilishni tavsiya etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.