Moskva shahrida Markaziy Osiyo – Rossiya formatidagi maslahatlashuvlar bo'lib o'tdi

22 yanvar kuni Moskvada “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatida maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Unda amaliy hamkorlik masalalari hamda 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasini amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi. Mazkur reja 2025 yil 9 oktyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan ikkinchi “Markaziy Osiyo – Rossiya” sammiti yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Uchrashuvda, shuningdek, sammit chog‘ida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ilgari surgan tashabbuslar yuzasidan ham fikr almashildi. Maslahatlashuvlarda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin, Qozog‘iston TIV vaziri o‘rinbosari Ermuhambet Konuspoyev, Qirg‘iziston TIV vaziri o‘rinbosari Alma Imangaziyev, O‘zbekiston TIV vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov, Tojikistonning Rossiyadagi elchisi Davlatshoh Gulmahmadzoda, Turkmanistonning Rossiyadagi elchisi Esen Aydog'diyev hamda Rossiyaning tegishli ijroiya idoralari rahbariyatidan mas’ullar qatnashdi.
Tomonlar qo‘shma reja va tashabbuslarni tizimli tatbiq etish mexanizmlarini batafsil ko‘rib chiqib, olti tomonlama hamkorlikning savdo-iqtisodiyot, transport va logistika, energetika, tibbiyot, madaniy-gumanitar aloqalar hamda ekologiya yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi. Muzokaralar do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgani qayd etildi.
Maslahatlashuvlar yakunida Rossiya Energetika vazirligi huzurida Markaziy Osiyo davlatlari bilan energetika masalalari bo‘yicha ishchi guruh tuzish haqida qaror qabul qilindi. Rossiya energetika vaziri o‘rinbosari Roman Marshavin ishchi guruh yoqilg‘i-energetika majmuasidagi hamkorlik masalalarini olti tomonlama formatda ko‘rib borish imkonini berishini, shuningdek, davlat rahbarlari ma’qullagan harakatlar rejasining ijrosini tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!