Isroil Eron keskinligi ortgan paytda urushga tayyorgarlikni kuchaytirdi

Isroil bilan Eron o‘rtasidagi taranglik kuchayib borayotgan bir sharoitda Isroil armiyasi ehtimoliy keskin ssenariylarga tayyorgarlikni oshirayotganini bildirdi. Bu haqda Isroil Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Eyal Zamir yuqori qo‘mondonlik tarkibi ishtirokidagi yig‘ilishda ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, armiya bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalish bo‘yicha vaziyatni hisoblab chiqyapti va turli ehtimollarga “tayyor turish” rejimini kuchaytirmoqda. Ya’ni gap faqat himoyada turishda emas — zarurat tug‘ilsa, urushning turli jabhalarida hujumkor operatsiyalarni o‘tkazishga ham shay bo‘lish kerakligi ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Eyal Zamir 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan amalga oshirilgan kutilmagan hujumdan saboq chiqarish zarurligini alohida urg‘ulagan. Bu voqea Isroil uchun katta yo‘qotishlar va xavfsizlik tizimida og‘riqli savollarni qoldirgan edi.
Hozirgi bayonotlar fonida bir narsa ravshan: mintaqa yana “asab ustida” turibdi. Bunday pallada har ikki tomon har bir signalni jiddiy qabul qiladi — demak, keyingi haftalarda diplomatiya ham, harbiy tayyorgarlik ham parallel ravishda kuchayishi ehtimoli yuqori.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!