Moskvada general otib ketildi, ahvoli juda og‘ir ekani aytildi

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lum qilishicha, Moskva shahridagi Volokolamskoye shossesida joylashgan turarjoy binolaridan birida noma’lum shaxs Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Harbiy razvedka bosh boshqarmasining birinchi o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseyevga bir necha marta o‘q uzgan va voqea joyidan qochib ketgan.
Oqibatda general-leytenant og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Ayni paytda hodisa yuzasidan gumonlanuvchini aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha qidiruv tadbirlari olib borilmoqda. Shuningdek, atrofdagi videokuzatuv kameralari yozuvlari tekshirilmoqda.
Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Vladimir Alekseyevning ahvoli og‘ir bo‘lib, shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun kurashmoqda.
Qayd etilishicha, general-leytenant avval ham jamoatchilik e’tiboriga tushgan. Xususan, u “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi qo‘zg‘oloni vaqtida kompaniya rahbari Yevgeniy Prigojinga murojaat qilgani va Rostov shahrida uning yonida bo‘lgani bilan tanilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!