Turkiyada o‘zbekistonliklar qaysi jinoyatlardan ko‘proq jabr ko‘ryapti?

Turkiyada yashab yoki mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik fuqarolar eng ko‘p hollarda firibgarlik hamda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar qurboniga aylanmoqda. Bu haqda Qalampir.uz nashriga bergan intervyusida O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi hududiy okrugiga Istanbul shahri bilan bir qatorda Aydin, Balikesir, Bilejik, Bursa, Izmir, Kojayeli va boshqa viloyatlar, shuningdek, Bolgariya hamda Ruminiya davlatlari ham kiradi.
Diplomat ta’kidlashicha, mazkur hududlarda, xususan Bolgariyada, boshqa millat vakillari bilan solishtirilganda, o‘zbekistonliklar tomonidan jinoyat sodir etish ko‘rsatkichi ancha past hisoblanadi.
Shu bilan birga, Turkiyada o‘zbekistonliklar soni ko‘pligi va mamlakatda 90 kunlik vizasiz rejim mavjudligi sababli, O‘zbekistonda jinoyat sodir etib, Turkiyaga qochib kelayotgan shaxslar ham uchrab turadi. Bundan tashqari, yashash uchun rasmiy ruxsatnomasiz istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan bog‘liq muammoli holatlar ham kuzatiladi.

Ma’lum qilinishicha, jabrlanuvchilar orasida eng katta ulush firibgarlik hamda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarga to‘g‘ri kelmoqda. Ayniqsa, odam savdosi qurboni bo‘layotgan o‘zbekistonliklar orasida AQSH va Yevropa davlatlariga noqonuniy yo‘llar orqali chiqib ketish kanallari bilan bog‘liq jinoyatlar uchramoqda.
Shu bilan birga, Turkiya orqali Suriya hududiga o‘tish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha rasmiy statistika so‘nggi paytlarda ancha kamaygani ham qayd etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!